YPX xodimlari bilan janjallashgan 4 nafar shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

YHXBB matbuot xizmatining xabar berishicha, 31 dekabrdan 1 yanvarga o‘tar kechasi soat 04:00 larda, Toshkent shahar Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasida "Matiz" rusumli avtomobil haydovchisi YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangan. Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil beton to‘siq ustiga chiqib to‘xtagan.

Avtomashinada bo‘lgan 4 nafar fuqaro hodisa joyiga yetib kelgan IIBB YPX va PPX xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, o‘tkir tig‘li jismlar bilan qarshilik ko‘rsatgan.

Fuqarolardan bir nafari ushlanib, tuman IIBga olib kelingan va qolgan 3 nafar fuqaro hodisa joyidan yashiringan.

Hozirda barcha fuqarolar shaxsiga aniqlik kiritilib, hodisa yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.