Yuksak ilmiy salohiyatga ega olim Hasan MUSAYeV 70 yoshda

Insonning jamiyatdagi o‘rni uning tafakkuri va salohiyati bilan belgilanadi. Jamoamizda o‘zining halol mehnati, shijoati, kamtarinligi, o‘zining yuqori ilmiy salohiyati bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lib kelayotgan do‘stimiz, hamkasbimiz, ustoz, iqtisod fanlari doktori, professor Hasan Musayevdir.
Hasan Narziqulovich 1950 yil 5 mayda Toshkent viloyatining Yangiyer (hozirgi Sirdaryo viloyati Boyovut) tumanida pedagoglar oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tamomlagach, ilmga tashnalik yosh Hasanni Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti)ga yetakladi. 1971 yilda institut diplomini qo‘lga olgan iqtidorli mutaxassis buxgalteriya hisobi kafedrasiga ishga taklif etilsa-da, avval amaliyot bilan yaqindan tanishish, tajriba orttirishni afzal ko‘rdi. Shu bois Boyovut tuman matlubot jamiyatlari uyushmasida faoliyat boshladi. Bu yerda buxgalter o‘rinbosari, keyin tuman umumiy ovqatlanish birlashmasida bosh buxgalter, direktor lavozimida faoliyat yuritdi. Ammo Hasan vujudida bir orzu – o‘zi tahsil olgan institutda ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish yotar edi. Bu orzu 1975 yilda Hasan Musayevni yana Samarqandga - qadrdon institutiga yetakladi. U institutning buxgalteriya hisobi kafedrasida ish boshladi. Natijada uning ilm-fan, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun katta imkoniyatlar eshigi ochildi.
Ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun H.Musayev 1979 yilda Moskva xalq xo‘jaligi instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi, uch yil o‘tib, iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Yosh olim pedagogik faoliyat bilan ilmiy tadqiqotlarini barobar olib bordi. Natijada 1993 yilda Rossiya iqtisodiyot akademiyasi (hozirgi Rossiya iqtisodiyot universiteti)da “Bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida umumiy ovqatlanishda buxgalteriya hisobini takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi, keyinchalik professor lavozimini oldi.
Bu yillar davomida Hasan Narziqulovich ilmiy izlanishlar olib borish bilan birga tashkilotchilik qobiliyatini ham namoyon etdi. Shuning uchun avval institutning buxgalteriya hisobi, audit kafedralari mudirligini boshqardi, so‘ngra - 1998-2004 yillarda institut ilmiy bo‘limi boshlig‘i, prorektor, keyin yana 2008 yigacha buxgalteriya hisoboti va audit kafedrasiga mudir bo‘lib mehnat qildi.
- Yaxshi eslaymiz, Hasan Musayevning sa’y-harakatlari bilan bu vaqt davomida kafedralarning moddiy-texnika darajasi tubdan yaxshilangandi, - deydi iqtisod fanlari doktori, professor Murod Muxammedov. - O‘quv jarayonida ilmiy ishlanmalar va yangi g‘oyalar keng foydalanildi, fanlardagi talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va institutning ilmiy salohiyati oshdi, institutda aspirantura bo‘yicha yangi ixtisosliklar ochilib, ularning soni bittadan beshtaga yetkazildi.
Darhaqiqat, Hasan aka prorektor bo‘lib ishlagan kezlarda professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirish mexanizmi ishlab chiqilgan, institutda dolzarb muamolarga qaratiladigan xalqaro va respublika ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etilgan, ularga xorijlik olimlar keng jalb qilingan edi. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari tomonidan dolzarb masalalarda monografiyalar, yangi avlod o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va chop ettirish ko‘paydi, institut xodimlarining dissertatsiya himoya qilishi o‘sdi.
O‘z navbatida Hasan Musayev qator yillar tadqiqotchilarning dissertatsiyalariga rahbarlik qildi va bugun ham bu faoliyatni izchil davom ettirmoqda. U kishi bir necha yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida, respublika bank-moliya akademiyasida, institut qoshidagi ixtisoslashgan kengashda, Qozog‘iston Respublikasining Qarag‘anda iqtisodiyot universiteti qoshidagi dissertatsiyalarni himoya qilish bo‘yicha davlatlararo ixtisoslashgan kengash a’zosi sifatida malakali mutaxassislar tayyorlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shib keldi. Bu kabi ishlari e’tiborga olinib, 2003 yilda domlaga Xalqaro Yevroosiyo iqtisodiyot akademiyasining akademigi unvoni berildi. 2018 yilda esa xalqaro darajadagi sertifikatga ega bo‘ldi.
H.Musayev faoliyati davomida 700 dan ziyod ilmiy, o‘quv, o‘quv-uslubiy ishlarni chop ettirdi. Bular orasida 6 ta monografiya, 10 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 30 dan ziyod ilmiy-amaliy tavsiyalar, 200 dan ortiq ilmiy maqolalar bor.
Hasan Narziqulovichning samarali mehnati hukumatimiz, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, institut rektorati tomonidan munosib taqdirlangan.
Hasan aka umr yo‘ldoshi Muhabbat aya Sobirova bilan besh nafar farzandni kamolga yetkazdi. Ular ota-onalari o‘gitlariga amal qilib, hayotda o‘z o‘rinlarini topishgan. Bir etak nabirasi bobosi va buvisi, ota-onalari ardog‘ida ulg‘aymoqda.
Yuksak ilmiy-pedagogik salohiyat ega olim o‘zining 70 yoshini qarshilamoqda. Biz do‘sti, hamkasbi va shogirdlari nomidan Hasan akani ushbu qutlug‘ yosh bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, ilmiy-pedagogik faoliyatida muvaffaqiyat tilaymiz.
Jahongir ZAYNALOV, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori.
Davron RAFEYeV, dotsent.
Shohrux JALILOV, magistrant.