«Yuqori nuqta»da “opiy” giyohvandlik moddasi fosh etildi
Joriy yilning 29 sentyabr kuni Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB va bojxona xodimlarini jalb qilgan holda Bulung‘ur tumani hududidagi «Yuqori nuqta» yo‘l-patrul xizmati maskanida operativ tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida davlat raqami 30 474 QAA bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinada harakatlanib kelayotgan 1974 yilda Ishtixon tumanida tug‘ilgan S.A. to‘xtatilib, mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida S.A.ning yonida 23 gramm «opiy» giyohvandlik moddasi, avtomashinada 200 AQSh dollari va 4 million 200 ming so‘m miqdoridagi pullar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, S.A. Toshkent shahrida yashovchi jinoiy sheriklariga narkotik moddasi yetkazib berishni rejalashtirgan.
Ushbu holat bo‘yicha boshqarma tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 246- (kontrabanda) va 273-moddalari (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.