Yuqumli kasalliklarning oldini olishda tibbiy profilaktika tadbirlari qanchalik foyda beradi?
Yuqumli kasalliklar insoniyat taraqqiyotiga tahdid soladi. Sababi, ular dunyodagi yillik o‘lim sonining uchdan bir qismini keltirib chiqaradi. Shu sabab, aholi o‘rtasida tibbiy-profilaktika tadbirlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu esa kasalliklar sonini kamaytirishi mumkin.
Yuqumli kasalliklarning oldini olish asosan, quyidagi uch yo‘nalishga ajratiladi:
- Birlamchi profilaktika — shaxsiy va jamoat gigiyenasi qoidalariga rioya qilish. Profilaktika va muntazam sanitariya nazorati, yuqumli kasalliklar va ularning oldini olish usullari, profilaktik emlashlar, sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risida bilimlarni targ‘ibot qilish;
- ikkilamchi profilaktika — holatlarni erta aniqlash va bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni kuzatish (shuning uchun kasallik belgilarini bilish), rejimni cheklovchi choralar (karantin, kuzatuv), bemorlarni izolyasiya qilish;
- uchinchi profilaktika — o‘z vaqtida, yetarli va samarali davolanish, rekonvalesentlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish (sog‘lomlashtirish) kiradi.
Turli infeksiyalardan birinchi (profilaktik emlashdan keyin) himoya chizig‘i gigiyena qoidalariga rioya qilishdir. Ushbu oddiy qoidalarga rioya qilgan holda, siz nafaqat o‘zingizni himoya qilasiz, balki odamlar orasida infeksiyaning tarqalishini oldini olasiz ham.
Buning uchun esa quyidagilarga rioya qilish zarur:
- qo‘lingizga sovun bilan yaxshilab yuving (kamida 20 soniya) yoki - spirtli vosita bilan ishlov bering;
- yuvilmagan qo‘llaringiz bilan ko‘z, burun va og‘zingizga tegmang;
- aksirish va yo‘talayotganda tirsagingiz bilan yopishga odatlaning. Iloji boricha og‘iz va burunga bir martalik qog‘oz salfetka ishlating. Ishlatilgan salfetkani qayta ishlatmang;
- o‘tkir respirator infeksiya belgilari bo‘lgan odamlardan kamida 1 metr uzoqlikda turishga harakat qiling;
- shaxsiy buyumlar va shaxsiy gigiyena vositalarini (tish cho‘tkasi, sochiq, ro‘molcha, qaychi) baham ko‘rmang;
- agar kasal bo‘lsangiz yoki sizda kasallikning yengil belgilari (subfebril isitma, burun oqishi, bosh og‘rig‘i) bo‘lsa, sog‘ayguningizcha uyda qoling. Agar yuqori isitma, yo‘tal va nafas olish qiyin bo‘lsa, shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qiling;
- yengil jarohatlar yoki yaralarni ehtiyotkorlik bilan davolang. Qattiq jarohat olganda yoki hayvon tishlashi oqibatida yetkazilgan jarohatlarda, albatta, shifokor yordami yoki ko‘rsatmasiga asosan tibbiy muolaja oling;
- ifloslangan suv bilan, suv omborlarida cho‘milishdan saqlaning;
- agar diareya yoki ochiq yara bo‘lsa, hovuzga (basseynga) cho‘milmang. Hovuzda (basseyn) cho‘milishdan oldin dush qabul qiling. Yechinish xonasida va dush xonasida poyabzalsiz yurmang;
- taom tayyorlashdan oldin xom go‘sht, sabzavot va mevalarni oqar suvda yoki bir necha marta qayta yuvishni unutmang. Har bir turdagi oziq-ovqat uchun turli xil idishlar va kesish taxtalaridan foydalaning. Issiqlik bilan ishlov berish qoidalarini e’tiborsiz qoldirmang.
Chet elga sayohat qilishdan oldin shifokoringiz bilan maslahatlashing. Siz va yaqinlaringiz barcha kerakli emlashlarga ega ekanligiga ishonch hosil qiling. Buni oxirgi daqiqalarda emas, balki sayohatdan kamida 4-8 hafta oldin qilish tavsiya etiladi. Agar siz epidemiologik jihatdan noqulay mamlakatga sayohatga chiqmoqchi bo‘lsangiz, jo‘nashdan 2-3 oy oldin maslahat olish va chora ko‘rishga harakat qiling. Vaqtinchalik yashash mamlakatida muzdan foydalanishdan saqlaning, ichish, tishlarini yuvish va yuvish uchun faqat qadoqli suvdan foydalaning. Oldindan tozalangan va kesilgan xom sabzavotlar, salatlar va mevalarni iste’mol qilishda ehtiyot bo‘ling. Hasharotlarga qarshi vositalardan foydalaning. Yopiq kiyim kiyishga harakat qiling.
Abdusodiq Boymirzayev,
Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori.