Yurak-qon tomir kasalliklariga uchramaslik uchun nima qlish kerak?

Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintaqaviy filiali direktori Xushnud Nizomovning ma’lumot va tavsiyalariga quloq tutamiz.

 - Bugungi kunda, butun dunyo aholisi orasida o‘lim ko‘rsatkichining o‘sishiga sabab bo‘lgan kasalliklar infarkt va insult tashxisi bilan asoslangan xastaliklar hisoblanadi, - deydi X.Nizomov. - Afsuski, yurtimiz aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida yuzaga kelgan o‘lim ko‘rsatkichlarining foizi ancha yuqori o‘rinlarni egallagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, yurak qon-tomir kasalliklaridan har yili 18 millionga yaqin odam vafot etmoqda va Markaziy Osiyo mazkur kasalliklar eng ko‘p uchraydigan mintaqalar qatoriga kiradi.

Xalqimizda “Kasallikni davolashdan ko‘ra, oldini olgan afzalroq”, degan gap bor, lekin bunga ba’zida amal qilmaymiz. Aynan yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olishda ushbu so‘zlarga ko‘proq urg‘u bersak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Barchamizga ma’lumki, yurak-qon tomir kasalliklarini davolash birmuncha murakkabligi va davo muolajalarining xarajatlari ham sezilarli darajada qimmatligi bilan ajralib turadi. Ammo yuqorida aytganimizdek, astoydil harakat qilib, sog‘lom turmush tarziga rioya qilib yashasak, o‘zimizni ushbu xastaliklardan deyarli asragan bo‘lamiz.

Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari ko‘proq jismoniy harakati kam, noto‘g‘ri ovqatlanadigan (fast-fudlar, o‘ta yog‘li, qovurilgan, xolesteringa boy taomlar, shirinliklar, gazli ichimliklarni me’yoridan ko‘p iste’mol qiluvchilar), spirtli ichimliklarga va tamaki mahsulotlari iste’moliga ruju qo‘ygan, me’yoridan ortiq va kam uxlovchi kishilarda hamda ruhiy zo‘riqish holatlarida yuzaga keladi.

Shu sababli yaqin qarindoshlari orasida infarkt va yurak-ishemik kasalliklari, gipertoniya va gipotoniya kasalliklari bilan og‘rigan kishilardan o‘z sog‘liqlariga e’tiborli bo‘lishlarini va ushbu xastaliklarning oldini olishda sog‘lom turmush tarziga amal qilishlarini so‘raymiz.

Endi yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy belgilari va shifokorga murojaat qilish shart bo‘lgan holatlar haqida to‘xtalsak:

- agarda jismoniy va ruhiy zo‘riqish vaqtida ko‘krak qafasi sohasida og‘riq, achishish, kuyishish, sanchish kabi shikoyatlar yuzaga kelsa va tinch holatda yoki dam olgandan so‘ng o‘tib ketsa, ushbu noxush holatlar tez-tez qaytalansa;

- tez-tez bosh og‘rishi, asabiylashish, uyqusizlik kabi holatlar kuzatilsa;

- qon bosimi tez-tez oshib tursa;

- yurakning tez-tez notekis urishi yoki sust urishi kuzatilsa...

Bunday holatlarda kechiktirmasdan kardiolog shifokorga murojaat qiling va tegishli tekshiruvlardan o‘ting (elektrokardiogramma va qon tahlillarini topshirish) va yurak-qon tomir kasalliklariga moyillik aniqlanganda, o‘z vaqtida avj olishini oldini olishga xarajatsiz harakatlar bilan erishgan bo‘lasiz.

Yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda qanday turmush tarzini yo‘lga qo‘yish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlar sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishi, toza havoda sayr qilishi, ko‘proq piyoda yurishi, tamaki va spirtli ichimliklar iste’molini cheklashi, parhezga rioya etishi, ovqat ratsionidan yog‘li ovqatlarni kamaytirishi, yengil hazm bo‘luvchi (meva va sabzavotlarni), vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilishi va shifokor tavsiyalariga amal qilishlari kerak bo‘ladi.

Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun aholidan imkoni boricha quyidagi tavsiyalarga amal qilishlarini so‘raymiz:

- sog‘lig‘ingizga e’tiborli bo‘ling;

- sport bilan muntazam shug‘ullaning;

- sog‘lom ovqatlanish tartibiga amal qiling va ortiqcha vazndan saqlaning;

- jismoniy mehnat va dam olishni me’yorida olib boring;

- zararli odatlardan voz keching;

- erta tongda va kechki ovqatlanishdan so‘ng kamida yarim soat yoki 5 ming qadam piyoda yurishni odat qiling;

- profilaktik tibbiy ko‘riklardan muntazam o‘tib turing va kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan shifokorga murojaat qiling.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintaqaviy filiali matbuot xizmati.