Yuridik kollejlarga kirish uchun 8027 nafar abituriyent hujjat topshirdi

Joriy yilning 21-22 avgust kunlari respublikamizdagi barcha Yuridik kollejlarga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlariga 2019-2020 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha 3340 ta qabul kvotalari ajratilgan edi.

Yuridik kollejlarga jami 8027 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Shundan “Huquqshunoslik” fanidan o‘tkazilgan yozma imtihonda abituriyentlarning 4369 nafari, “Ona tili va adabiyoti” fanidan o‘tkazilgan yozma imtihonda 4304 nafari ishtirok etdi.

Kirish imtihonlari abituriyentlar uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lgan katta pavilonda tashkil etilib, ochiq, shaffof va adolatli tarzda o‘tishi uchun sharoitlar yaratildi.

Farzandlari va yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashga kelgan ota-onalar va boshqa qarindoshlar uchun kutish joylari hamda imtihon jarayonlarini kuzatib borishlari uchun monitor o‘rnatildi.

Bu muhim!

Ta’kidlash joiz, kollej bitiruvchilari uchun eng muhim imtiyozlardan biri bu ular hududiy adliya organlarining yo‘llanmalari bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetiga test sinovlarisiz, yakka tartibdagi suhbat o‘tkazish orqali kirishi hamda bakalavrlarni tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha (ikkinchi kursdan) o‘qishga haqli.

Shuningdek, kollej bitiruvchilari kelgusida ishga joylashishda ham qiynalmaydi. Chunki ularni ish joyi bilan ta’minlash Adliya vazirligi tomonidan kafolatlangan.