Yuridik texnikumi qizlariga tadbirkorlik ko‘nikmalari kerakmi?

Albatta, kerak. Inson turli sharoitlarga, vaziyatlarga tushib qolishi mumkin. Qolaversa, qaysidir bir kasbni tanlasa-da, ammo kelgusida turli yo‘nalishda tadbirkorlik qilish imkoni paydo bo‘lishi mumkin. Axir mashhur tadbirkorlarning barchasi turli soha kishilaridir.

Samarqand shahridagi yuridik texnikumida «Tadbirkor ayollar» uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvda shu fikrlar alohida ta’kidlandi.

- Bu yil uyushma tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan joylarda turli uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, seminarlar tashkil etilmoqda, - deydi «Tadbirkor ayollar» uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva. – Shu yillar davomida yuzlab xotin-qizlar aynan uyushma ko‘magida o‘z tadbirkorligini boshlab, bugun yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Ularni tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, to‘g‘ri yo‘naltirish kabi jarayonlar hozir ham davom etmoqda.

-Tadbirkorlikni boshlaganimda bunday katta kreditlar yoki yirik mablag‘im yo‘q edi, - deydi «Kumush tola» korxonasi rahbari Maryam Niyozova. – Ammo ishtiyoq va maqsadlarim katta edi. Yillar o‘tib maqsadimning barchasiga erishib kelayotirman. Tadbirkor uchun muhimi qo‘rqmaslik va aniq reja hamda maqsad bilan ish ko‘rish. To‘g‘ri, tavakkal qilish ham kerak. Lekin bozorni o‘rganmay tavakkal qilib bo‘lmaydi, sharoitni o‘rganmay pul tikib bo‘lmaydi. Puxta rejang bo‘lsa, hammasini amalga oshirish mumkin. To‘g‘ri, qiynalgan paytlarim, oylab daromadsiz qolgan kunlarimiz bo‘lgan. Ammo «e, bo‘ldi, yig‘ishtiraman», deb tashlab ketmaganman. Hozirda 150 kishini ish bilan ta’minlaganman.

Texnikumda tahsil olayotgan qizlarning ko‘pchiligi uchrashuvdan so‘ng tadbirkorlik qilish imkoniyatlari haqida so‘rab-surishtira boshlashdi. Demak, ular orasida bo‘lg‘usi tadbirkorlar bor.

Munisa Shamsiyeva.