Yurtga munosiblik mas’uliyati

Siyosatshunos Qudratulla Rafiqovning «Alamim bor…» sarlavhali maqolasini o‘qib
Ochig‘i, hali muallifini ko‘rmasimdanoq, sarlavha va maqolaning ilk jumlalari e’tiborimni tortdi. Bir nafasda o‘qib chiqdim, desam mubolag‘ali tuyulishi mumkin. Sababi, bu maqolani bir nafasda o‘qib bo‘lmaydi. Binobarin, undagi fikrlar salmog‘i ham bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘pchiligimizning ich-ichimizda saqlanib, ko‘nglimizdan kunda bo‘lmasa-da, kunora kechayotgan tuyg‘ular va tarix qa’ridan boshlab, bugunimizga qadar zanjirday bog‘lab turuvchi ko‘prikning necha bor buzilib, tiklanib kelishiga qaramay, avloddan avlodga uzatilayotgan ne’matlarni saqlab qolishdek muhim meros haqida gap ketadi maqolada.
Umuman, muallifning har bir kitob va maqolasidagi tahlillarga, ilmiy xulosalarga havas qilaman: jasorat va donolik bilan yozadi. Ishonch bilan ayta olamanki, Q.Rafiqov bugungi kunda O‘zbekistonda siyosatga befarq bo‘lmagan ko‘plab ziyolilar ko‘nglidagi fikrni izhor etgan. Maqolada muallif ko‘ngildagi alamini barcha uchun tushunarli qilib o‘rtaga tashlagan.
Darhaqiqat, biz ajdodlar bilan g‘ururlanishni o‘zlashtirgandek bo‘ldik. Ammo ularning tabarruk nomlarini aytib faxrlanishning o‘zi kifoya emas ekan. Yashirib nima qilamiz, xorijda bunday allomalarimiz haqida gapirishganda, aynan bilmaganligimiz uchun jim turgan holatlarimiz bo‘lgan. Buning ustiga «falon davlatga borganimda Imom al-Buxoriy yurtidanmiz», deganimizda bizni tavob qilishdi, deb maqtanib ham qo‘yamiz. Vaholanki, ziyolilarimizning ayrimlari bu alloma hadislarini hali yaxshi o‘qimagan. Agar e’tibor qilgan bo‘lsangiz kamina muallif “alami”ning bevosita o‘zimizga, atrofdagilarga, xususan, ziyolilarga tegishli kinoyasini aytyapman.
Yaqinda samarqandlik taniqli olim Mamayunus Pardayev «Bizdan yana Beruniylar chiqadimi?» degan maqola olib keldi. Domla donishmandning barcha fazilatlarini sanab chiqibdi: odobi, ilmga ishtiyoqi, ko‘p tilni bilishi, ko‘p fanlarni o‘zlashtirishi, vaqtning qadriga yetishi, umrini behuda sarflamasligi va hokazo. So‘ng kattalarga ham, yoshlarga ham murojaat qilgan: «Xo‘sh, Siz ulug‘ allomamizdagi qaysi bir xislatlarni o‘zlashtirish uchun harakat qildingiz?». Men bu misolni bejiz keltirmadim…
Keyingi 6-7 yil ichida O‘zbekiston eshigini dunyoga yaxshi niyat va samimiyat bilan ocha oldi. Bugun yuzdan ziyod davlatlar bilan muntazam bordi-keldi va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘shma korxonalar soni yildan yilga ortib boryapti. Bir paytlar oyog‘imizga tushov bo‘lgan dehqonchiligimiz bugun foyda keltiryapti. Birgina, Samarqandning o‘zida joriy yilning yarmida 50 million dollarlik mayiz eksport qilindi. Kiyim-kechak tikib sotishda ancha-muncha salohiyatimiz ortdi.
Kuni kecha Amerika qo‘shma shtatlari prezidenti Donald Trampning davlatimiz rahbari faoliyatiga bergan bahosi shaxsan men uchun faxrga aylandi. «Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz», deb yozdi u "Truth Social" ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Demoqchimanki, O‘zbekistondagi olamshumul o‘zgarishlarning boshida aynan fidoyi inson – Prezident turibdi. Xalqi bilan birgalikda ulug‘vor loyihalarni amalga oshirayotgan sarbon faoliyatiga dunyo hamjamiyati Tramp timsolida katta baho bermoqda.
Xo‘sh, bu xulosani bilishimizning nima ahamiyati bor?
«Alamim bor…» maqolasi muallifi bu savolga juda oqilona javob bergan.
Biz avvalo, o‘z hayotimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni anglashimiz, qadrlay bilishimiz kerak. Chunki bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Misol uchun, Toshkent shahriga ro‘yxatga qo‘yishning tartibga solinishi, tadbirkorlar faoliyatini tekshirishga, daraxtlar kesilishiga moratoriy e’lon qilinishi yoki mahalliy boshqaruvda hokimiyat bilan kengashlar faoliyatini ayro tashkil etish har kimga ham yoqavermaydi. Shu yo‘nalishdan manfaat topib turgan odamlar yangilikni qabul qiladi, deysizmi? Yoki, raqamlashtirishning qo‘llanilishi qanchalab nopok kishilarning “arig‘iga borayotgan suv»ni yopib qo‘ydi. Xalqimiz, eng avvalo, ziyolilar ana shu jarayon murakkabliklarini his qilishi va bilishi kerak.
Maqolani o‘qir ekanman, tariximiz bilan bugunimizning qiyosida oddiy va e’tiborga molik xulosalarni ko‘raman. Biroq bugungi shahdu shiddatimiz, taraqqiyotda yuqorilab borayotganligimiz to‘g‘risidagi xulosalar ko‘nglimni yoritadi. Bugun dunyo biz bilan hisoblashyapti, bugun dunyo reytingida yuqorilayapmiz. Hamkorlikning O‘zbekistonga xos bo‘lgan usulini qo‘llayapmiz.
Bu, birinchidan, strategik munosabatga erishish.
Ikkinchidan, davlatlararo kerakli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Uchinchidan, hamkorlikda muntazamlilikka erishish.
To‘rtinchidan, hamkorlik darajasini ilmiy, tahliliy baholab borish.
Sh.Mirziyoyevning aynan ana shunday yo‘l tutishi tufayli bugun u yoki bu davlat bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish barobarida O‘zbekistonda ko‘plab nufuzli xorijiy ilm maskanlarining filiallari ochildi. Ya’ni, zamonaviy sohalarga kadrlarni o‘zimiz tayyorlay boshladik. Albatta, muallif aytganidek, bunday misollarni keltiraversak, qog‘oz yetmaydi. Muhimi, barchamiz hayotimizda, oilamizda, mahallamizda, qishlog‘imizda, tumanimizda, viloyatimizda – O‘zbekistonimizda ro‘y berayotgan jiddiy o‘zgarishlardan g‘ururlanishni o‘rganishimiz kerak.
Muallifning Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati misolida tariximizga munosabat yuzasidan bildirgan fikrlari ham arzirli. Shu o‘rinda, aynan ana shu markaz tashabbusi bilan Imom al-Buxoriy majmuasida yangitdan barpo etilgan zamonaviy muzey haqida ham aytish kerak. Bu yerda ham qadriyatlarimizga oid noyob eksponatlar namoyish etilmoqda. Ziyolilarimiz aynan ana shunday maskanlarni gavjumlashtirishga, odamlarni ularning ruhiyati bilan sug‘orishga xizmat qilishlari kerakka o‘xshaydi.
Ba’zan, xorijga borganda aholining o‘z muzeylariga, yodgorliklarga uyushgan holda va muntazam kelishlarini ko‘rib, havasim keladi. Gap uzoq va buyuk tarixga ega bo‘lishda emas, balki bor tarixni qadrlay olishdadir. Ko‘hna dunyo barchaga saboq bo‘lgan va bundan keyin ham saboq bo‘laveradi. Bizning vazifamiz esa uning ana shu saboqlaridan o‘z vaqtida va kerakli xulosani chiqara olishda.
Agar lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsam, maqolani o‘qib kamina bir muhim xulosani angladim. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi inson qadrini ulug‘lashgina emas,balki unga imkoniyatlaridan foydalanishga sharoit yaratish va shu orqali xalq bilimi,iste’dodm va zakovati bilan farovon hayotni ta’minlashdir. Biz, agar, mamlakatda bo‘layotgan, dunyo e’tirof etayotgan ijobiy o‘zgarishlarni teran anglasak, uni tashabbuskor Prezident va mehnatkash, iqtidorli xalqimiz, ya’ni O‘zimiz amalga oshirayotganimizni tushunib yetamiz, nolish qilib yoki bir-birimizga tosh otib yurgandan ko‘ra, birlashib ishlasak, o‘z hayotimizni o‘zimiz o‘zgartira olishimizga ishonch hosil qilamiz. Bu ishonch ayni kunlarda dunyo ahliga juda katta ehtiyoj ekanligi ayon bo‘layotir. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Zero, hamma jamiyat, hamma davlatni ham barqaror saqlaydigan narsa - bu eng avvalo millat birligi hamda tinchlik siyosatidir. Uning qadriga yetmaganlar ahvoli ne kechayotganini tarix ham, hatto hozirgi zamon ham bizga ochiq-ravshan ko‘rsatib turibdi.
Samarqandlik ijod ahli ushbu maqolani juda katta qiziqish bilan mutolaa qildi. Jumladan, biz tahririyatimizda ijodiy xodimlar, faol mualliflar ishtirokida uni birgalikda o‘qidik. Ko‘pchilikning fikricha, ushbu bitik zamonamizning ibratli esselaridan biri ham hisoblanadi. Uning yozilish uslubi, muallifning xulosalari barcha ziyolilar uchun namuna rolini o‘taydi. To‘planganlar ana shunday xulosaga kelishdi.
O‘zbekistondagi islohotlar orqaga qaytmaydi. Chunki biz kim bilan va qanday ishlashni o‘zlashtirdik. Biz endi ixtirolar qilish, dunyoni lol qoldirish va shu orqali yurtimiz ravnaqini ta’minlashning hadisini oldik. Buning uchun misol keltirish shart emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda deyarli har kuni yurtdoshlarimizning olamshumul yutuqlari namoyish etilmoqda.
Kamina ham xuddi maqola muallifiga o‘xshab yuragimdagi alamlarimni to‘kib soldim. Bu alamlar avvalo, meni o‘z ko‘nglim bilan kurashishimni taqozo etadi. Bu alamlar ziyoli sifatida boshqalarga ibrat bo‘lishimni talab qiladi. O‘zbekistonda jamiyatga e’tiborsiz bo‘lmagan har bir shaxs ana shunday fikrlaydi. Bunga ishonchim komil!
Farmon TOShEV,
Samarqand viloyat «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.