Yurtimizda halqali Quyosh tutilishi kuzatildi
Bugun, 26 dekabr kuni ertalab 8:00 dan 10:06 gacha halqali shaklidagi Quyosh tutilishi noyob astronomik hodisasi kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xabar qildi.
Soat 9:00 atrofida tutilish maksimumga ega bo‘ldi va unda Quyosh gardishining uchdan bir qismi to‘sildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti tomonidan Mirzo Ulug‘bek maktab-internati, Prezident maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, shuningdek, yosh olimlar ishtirokida seminar tashkil qilindi.
Seminar davomida ushbu astronomik hodisa Mirzo Ulug‘bek maktab-internati binosiga o‘rnatilgan maxsus ekranli zamonaviy teleskop yordamida kuzatildi.
Shuningdek, institut olimlari tomonidan Quyosh va Oy tutilishining asosiy qonunlari, ularning ilmiy va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.