Yurtimizga ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining uchinchi million dozasi keltirildi

Hozirgina yurtimizga “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd” kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vaksinaning 1 million dozalik avvalgi partiyalari shu yilning 27 mart va 27 aprel kunlari keltirilgan edi. Shuningdek, mart oyida 660 ming doza AstraZeneca, aprel oyida 100 ming doza “Sputnik V” vaksinalari ham olib kelingan.

Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 3 million 760 ming dozaga yetmoqda. Ayni paytgacha foydalanilgan 1 million 346 ming dozadan ortiq vaksinaning 62 foizi, ya’ni 842 ming dozadan ortig‘ini ZF-UZ-VAC2001 tashkil qilmoqda. Shundan ayni paytgacha 91 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz o‘zbek-xitoy vaksinasining 2-bosqichi bilan ham emlangan.

Kecha, 17 may kuni ZF-UZ-VAC 2001 bilan emlanish 34 416 dozani tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish ko‘rsatkichi 56 foizga yetgani ham e’tiborga loyiq.