“Zahardan qimmat” yeguliklar: qaysi mahsulotlar puliga kvartira yoki mashina olish mumkin?
Do‘kon peshlavhasi oldida turib, “Dudlangan go‘sht buncha qimmat?”, “Pishloqni narxini qara?” “Bu shokolad tilladanmi nima balo?” deb o‘ylaganmisiz? Mabodo siz to‘satdan tokchadagi mahsulotga qo‘yilgan mashina bahosiga teng keladigan narx belgisini ko‘rsangiz, nima qilgan bo‘lardingiz?
Haqiqatan ham dunyoning ba’zi bir burchaklarida bunday qimmat delikateslar sotiladi. Va agar siz bu qanaqa taom ekanligiga qiziqsangiz, ularning narxini faqat quloqqa pichirlaydigan tarzda aytib o‘tamiz.
“Chocopologie by Knipschildt” qora shokoladi
Bu dunyodagi eng qimmat (eng mazalisi ham emas) shokolad AQShdagi Konnektikut “Knipschildt Chocolatier” qandolatchilik uyi tomonidan ishlab chiqariladi. Qayd etilishicha, brendning quyuq shokoladi qo‘lda tayyorlanadi va uning tarkibi sir tutiladi.
Tatib ko‘rganlar desertning ta’mi umuman shirin emas, aksincha, achchiq ekanligi haqida gapiradi. Bahosi bir funt (400 grammdan biroz ko‘proq) uchun taxminan 2600 dollarni tashkil etadi.
Badiiy estetik bezak berilgan bir dona kichik sharchasi 250 dollar turadi. Ushbu sharchalar shakar marvaridlari to‘shalgan oltin qutichada yotadi va u ham lenta bilan bog‘langan. Ajib, qimmatbaho lazzat!
Xitoy “Da Xun Pao” choyi
Bir piyola choyning narxi yaxshi chet el mashinasidek turadi, xitoyliklar bir kilogramm bunday choy bargi uchun 685 ming dollar so‘rashadi. Bu pulga kvartira emas, balki kichikroq bir shaharda to‘qqiz qavatli bino sotib olish mumkin bo‘lsa kerak.
Xo‘sh, bu miqdor qayerdan kelgan? Gap shundaki, “Katta qizil libos” deb nomlangan juda kam uchraydigan bu butalar faqat Xitoydagi Tyansin monastiri yonida o‘sadi, dunyoda ularning faqat 6 tasi bor. Har yili bu navdan faqat 500 gramm tayyor mahsulot to‘plash mumkin, shuning uchun narxi osmonlardagidek. Haddan tashqari qimmat choy. Shunday emasmi?
“La Bonnotte” orol kartoshkasi
Atlantika okeanida joylashgan Nurmuate orolida o‘sadigan “La Bonnotte” navining ildiz mevalari dengiz o‘tlari bilan o‘g‘itlangan (yana kim biladi, tag‘in suv parilarining ko‘z yoshlari bilan sug‘orilgandir). Kartoshkaning bir kilogrammi 500-600 yevro turadi. Dehqonlar uni qo‘lda yiliga atigi 100 tonna yig‘adilar va shubhasiz, barchasi sotuvga yuboriladi. Aytishlaricha, uning ta’mi o‘zgacha va juda yoqimli. Tashqi ko‘rinishidan oddiy kartoshkaga o‘xshaydigan ildiz mevani yig‘ib olingandan keyin faqat 2 hafta davomida saqlash mumkin.
Oshpazlar hatto uni pichoq bilan emas, balki tuz donalari bilan tozalashadi, u qaynatilmaydi, balki qarag‘ay ignalari olovida dudlab pishiriladi. Ha, boylarning o‘ziga xos tantiqliklari bor, bunga kim ham shubha qilardi.
Qizil kitobga kiritilgan albinos beluganing "Almas" ikrasi
Bir kilogramm ikra narxi yangi Porshe mashinasi bilan bir xil. U qora emas, qizil emas, haqiqatan ham oq rangda bo‘lib, Erondan eksport qilinadi. “Almas”ning sof tilla idishdagi 100 grammi 2000 AQSh dollariga (bir kilosi 20 ming dollar) sotiladi.
Ba’zan (bayramlarda bo‘lsa kerak) ikra bankadagi 22 karatli yeyish mumkin bo‘lgan oltin bilan aralashtiriladi va uning narxi darhol to‘rt barobarga oshadi. Shu sabab “Nima u oltindan qilingan ekanmi?” deb ham so‘ray olmaysiz.
“Vagyu” marmarli mol go‘shti
Bir bo‘lak xom “Vagyu” mol go‘shtining narxi 400 AQSh dollariga yetadi. Bunday go‘sht Yaponiyada sotiladi. Maxsus fermadagi sigirlar jannatdagidek yashaydi, ular massaj qilinadi, terilari sake (milliy yapon spirtli ichimligi) bilan ishqalab tozalanadi va dam olishi uchun ularga klassik musiqa qo‘yib beriladi.
Natijada, go‘sht marmardek nafis, nozik, yumshoqqina bo‘lib chiqadi, shuning uchun u qimmat. Bu sizga qassobxonadagi suyakli go‘sht emas har holda...