Zamonaviy dunyoda yashovchi tosh davri odamlari qanday hayot kechirmoqda?
Bugungi raqamli texnologiyalar, turli-tuman gadjetlar, tezkor internet rivojlangan bir davrda yer yuzida bu qulayliklardan butunlay bebahra qolgan odamlar ham borligi ajablanarli. Ular uchun vaqt butunlay to‘xtab qolgan, chunki ular tashqi dunyo bilan umuman aloqa qilmaydi, yashash tarzi esa ming yillar davomida o‘zgarmay qolganiga ishonish qiyin.
Yer yuzining inson qadami tegmagan shunday joylari borki, u yerlarda hanuz tosh davridagi yashash tarzini saqlab qolgan qabilalar yashaydi. Ular ajdodlari singari palma daraxtining mevalari va ildizlarini iste’mol qilib, yovvoyi hayvonlarni ovlab kun ko‘rishadi. Mazkur qabila vakillari shovqinli shaharlardagi beton uylarga qaraganda o‘zlarining changalzorlarini ma’qul ko‘rishadi.
Mehmonlarni o‘q-yoy bilan kutib olish odati
Hindiston va Tailand davlatlari o‘rtasida joylashgan Shimoliy Sentinel orolini egallab olgan qabila vakillari o‘z hududlariga qadam ranjida qilganlarni o‘q-yoy bilan kutib olishadi. Bor-yo‘g‘i 300 kishidan iborat sentinel qabilasi bilan hech qanaqasiga kelishib, munozara qilib bo‘lmaydi.
Qadimgi odamlar haqida film suratga olishni xohlagan «Neyshnl Geografik» studiyasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuv tinchlik bilan tugamadi. Shunday bo‘lsa-da, kinochilar qirg‘oqqa turli-tuman sovg‘a-salomlar, shuningdek, qabila a’zolarida taassurot qoldirgan qizil rangli paqirlarni ham qabul qilishmadi. Shuningdek, ular uchun qoldirilgan chuchqalarni o‘ldirib, yeyishni ham o‘ylamay okeanga otib yuborishdi.
Eng qizig‘i, ular tabiiy ofat kelishini oldindan bilishadi. Talofatga uchramaslik uchun shtorm yaqinlashishi bilan changalzorlar oralab tog‘lar ichkarisiga ko‘tarilib ketishadi. Hatto ular 2004 yilda Hindistonda bo‘lgan dahshatli sunamidan ham omon qolishgan edi.
Qo‘sh xotinlik odatiy hol
Masai - Afrika qit’asining eng jangovor qabilalardan biri. Ularning ta’kidlashicha, osmon xudosi ularga bir umr chorvachilik bilan shug‘ullanishlarini istagan va yer yuzidagi barcha chorva mollari faqat ularniki bo‘lishi kerak. Shu sabab ular boshqa qabilalarga tegishli bo‘lgan mol va qo‘ylarni o‘g‘irlab ketishadi. Yaxshilik bilan berishmasa hujum qilib bosib olishadi. Quloqlari va pastki lablariga dumaloq sopol idishlar o‘rnatilgan masailarni tanish qiyin emas.
O‘zlarining jangovor ruhini saqlab qolish uchun ular sherni nayza bilan o‘ldirgan masaini haqiqiy erkak sifatida ko‘rishadi. Qabila vakillari o‘z vaqtida yevropalik kolonizatorlarga, mustamlakachilarga, shuningdek, boshqa qabila jangchilarini ham quvib yuborib Serengeti vodiysi va Ngorongoro vulqoni atrofidagi ulkan hududlarni nazorat qilishadi. Biroq 20-asrda qabila vakillari kamayib bormoqda. Bu esa ularning mavqeiga putur yetkazgan.
Ilgari qabila vakillarining bir nechta xotinga uylanishi faxr hisoblangan. Endi bo‘lsa, erkaklar sonining kamayib ketganligi tufayli bu holat majburiyatga aylanmoqda. Erkaklar qo‘shni qabilaga bosqin uyushtirgan vaqtda 3-4 yoshli bolalar ham mol boqishadi, ayollar esa ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lishadi.
Odamxo‘r qabilalar
Kannibal qabilalar bosqinlar davomida qo‘lga olgan qurbonlari hisobiga kun ko‘rishini yaxshi bilasiz. Ayniqsa, korubo qabilasi vakillari o‘zlarining o‘ta yovvoyiligi bilan alohida ajralib turadi. Qabila erkaklari asosan ov qilish, meva va ildiz terish bilan shug‘ullanishadi. Qo‘l bilan zaharli ilonlarni ushlash va zaharli nayzalar tayyorlashda ularga teng keladigani yo‘q. Shuningdek, ularning toshdan yasalgan boltalari bir sirmashda har qanday narsani cho‘rt kesadigan darajada o‘tkir bo‘ladi.
O‘zaro tinimsiz urush olib borayotgan odamxo‘r qabilalar har doim ham o‘z qurbonlarini iste’mol qilishavermaydi. Ular faqat O‘lim xudosiga atalgan bayrami kunlarigina bunday «ziyofat»dan o‘zlarini tiya olishmaydi. Nikobar va Andaman qabilalari ayollari qo‘shni hududlarga bo‘lgan bosqin omadli bo‘lmasa, hatto o‘z farzandlarini, hatto qabila qariyalarni ham sixga tortishdan tap tortishmaydi.
Piraxalar sanashni bilishmaydimi?
Braziliya changalzorlarida 200 kishidan iborat Piraxa qabilasi umrguzaronlik qiladi. Ular yer sayyorasidagi eng ibtidoiy qabilalardan bo‘lib, ularda hatto raqamlar ham yo‘q. Jangalzorlardagi boshqa qabilalar orasida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan piraxalarda yerning yaratilishi va xudolar haqidagi tushunchalar ham yo‘q. Ular o‘z boshlaridan o‘tkazmagan, ko‘rmagan narsalar haqida gapirishlarini, shuningdek, tiliga o‘zgarishlar kiritishni taqiqlab qo‘yishgan. Ular tilida hatto gullarning ranglari, ob-havo ko‘rsatkichlari, hayvon va o‘simliklarning belgilari ham yo‘q. Ular shox-shabbalardan qilingan chaylalarda yashab, zamonaviy sivilizatsiyaga taalluqli hech qanday mahsulotni qabul qilishmaydi.
Piraxalar u qadar qobiliyatli va aqlan rivojlangan bo‘lmasa-da, sayyohlar ularni tez-tez changalzorda yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida yollashadi.
Daraxt tepasidagi qishloq
Papua-Yangi Gvineya o‘rmonlarida, ikki tog‘ oralig‘ida yashaydigan eng shafqatsiz qabilalardan biri karavailarning borligi insoniyatga o‘tgan asrning 90-yillarida ma’lum bo‘ldi. Tosh asr odamlari hisoblangan mazkur qabila ahli daraxt tepasida joylashgan o‘nlab chaylalarda istiqomat qiladi.
Toshlardan bolta, hayvon suyaklaridan pichoqlar yasashga usta bo‘lgan karavailarning quloq va burunlarida kattagina teshiklar bor. Qabila yovvoyi cho‘chqalarni ushlab olishgach, iste’mol qilmasdan balki, yillar davomida ulardan ponilar o‘rniga ulov sifatida foydalanishadi. Cho‘chqalarning yoshi o‘tib, ishga yaramay qolgach, so‘yib yeyishlari mumkin.
Qabilaning barcha a’zolari jangovor holatda yurishadi. Ular haftalab changalzorda yashab, chuvalchang iste’mol qilib jon saqlashadi. Shuningdek, bir yilda bir marta barcha ayollar erkin bo‘ladi. Ular o‘zlari xohlagan erkak bilan bir sutka davomida birga yashashlari mumkin. Qolgan vaqtlar o‘z oilasiga sodiq qolishar ekan.
Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.