Zarafshon daryosi atrofiga taxminan 150 metr damba qilindi

Bugun, 2025 yil 23 iyun kuni Zarnews.uz telegram kanalida “Fotofakt: Zarafshon daryosidan tosh-shag‘al aralashmasining olinishiga moratoriy e’lon qilingan. Shunday bo‘lishiga qaramay, noqonuniy ravishda bu «ish» qish va bahor oylarida davom etgan” degan xabar berildi. Mazkur xabarga Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati quyidagicha munosabat bildirdi.
“Matnda keltirilgan holat Jomboy tumani Olmazor mahallasi hududida qayd etilgan. Aslida, ushbu hududda istiqomat qiluvchi fuqaro B.Ergashev Zarafshon milliy tabiat bog‘i qorovullari bilan kelishgan holda Zarafshon daryosi bo‘yida qishloq xo‘jaligi ishlarini olib borganini ma’lum qilgan. Buning oqibatida tabiiy relef o‘zgarib, qirg‘oq pasayishi va dambaga shikast yetishi kuzatilgan.
2025 yil 10 iyun kuni tog‘larda qor erishi tufayli daryoda suv sathi keskin oshgan va mahallaning ayrim qismlarini suv bosgan. Voqeadan so‘ng Jomboy tuman hokimligi mas’ul idoralar bilan hamkorlikda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida qirg‘oqni mustahkamlash ishlarini boshlagan.
Mustahkamlash doirasida taxminan 150 metr masofada tuproq va beton yordamida damba barpo etilgan. Saytda e’lon qilingan suratlar aynan shu mustahkamlash ishlari olib borilayotgan paytda olingan.
Hokimlik 2025 yil 17 iyun kuni mazkur holatga oydinlik kiritish va huquqiy baho berish uchun tuman prokuraturasiga rasmiy murojaat kiritgan.
Shu o‘rinda ta’kidlaymizki, Zarafshon daryosi qirg‘oqlari davlat muhofazasida bo‘lib, bu hududlarda qishloq xo‘jaligi faoliyati olib borish ham xavfli, ham noqonuniy hisoblanadi. Bunday faoliyatga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Mazkur hududlar Zarafshon milliy tabiat bog‘i nazorati ostida bo‘lishi va bu nazorat yanada kuchaytirilishi lozim.
Jomboy tumani hokimligi jamoatchilikni rasmiy manbalar orqali ma’lumot olishga chaqirgan holda, barcha OAV, fuqarolar va jamoat tashkilotlari bilan ochiq muloqot va hamkorlikka tayyorligini bildirib qoladi”, deyiladi munosabatda.