Zarafshon vohasi yerosti zaxirasiga boy, Mendeleyev davriy jadvalidagi kimyoviy elementlarning aksariyati shu zaminda uchraydi

Joriy yilning 27-28 noyabr kunlari Navoiy davlat konchilik institutida “Zarafshon vohasini kompleks innovatsion rivojlantirish: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzusida II xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining taklifi va tashabbusi bilan Navoiy davlat konchilik institutida fan va ta’limning integratsiyasini rivojlantirish maqsadida 2017 yilda tashkil etilgan dastlabki konferensiyada AQSh, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Angliya, Fransiya, Italiya, Avstriya kabi rifojlangan mamlakatlardan taniqli olimlar, yetakchi kompaniya va ishlab chiqarish korxonalari mutasaddilari va mutaxassislari ishtirok etgan edi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Navoiy davlat konchilik instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan navbatdagi ilmiy-texnik anjumanda Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi 10 dan ortiq mamlakatlar yetakchi universitetlarining 30 nafarga yaqin olimlari va xorijiy kompaniyalarning vakillari ishtirok etdi.

– Qizilqum mintaqasi, aynan Zarafshon vohasida mamlakatimiz yerosti zaxirasiga boy, Medeleyev davriy jadvalidagi kimyoviy elementlarning aksariyati shu zaminda uchrashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Navoiy davlat konchilik institutining ilmiy ishlar va innovatsiya bo‘yicha prorektori To‘lqin Nurmurodov. – Shu bois vohada sanoatni jadal rivojlantirish, ishlab chiqarishga innovatsion ishlanmalarni keng qo‘llash, mintaqa muammolarini hal etishda fan, ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Ilmiy-texnikaviy xarakterga ega anjumanda mintaqamiz iqtisodiy-ijtimoiy tarmoqlariga, ayniqsa, sanoatga innovatsion texnologiyalarni keng jalb etish maqsadida nufuzli olimlarning ilmiy izlanishlari saralab olindi va ularning amaliyotga samarali tatbiq etilishi ko‘rib chiqildi.

Anjuman yalpi majlisida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, professor Quvondiq Sanaqulov, Lids universiteti (Buyuk Britaniya) professori Stivan Shryoder, Belarus davlat texnika universiteti prorektori, professor Oleg Dormeshkin, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nodirbek Yusupbekovning ma’ruzalari tinglandi.

Anjumanda geologiya, geotexnologiya va mineral xomashyoni qayta ishlash, kimyo texnologiyasi va nanotexnologiyalar, mashinosozlik, asbobsozlik va avtomatlashtirish, energetika, muqobil energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalari bo‘yicha to‘rtta seksiyaga bo‘linib, 200 ga yaqin ilmiy ma’ruzalar muhokama qilindi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Navoiy mashinasozlik zavodida hamda institutning zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan taxminlangan “Texnoparki”ga sayohat uyushtirishdi.

Navoiy davlat konchilik instituti axborot xizmati.