@zarafshonbot ga murojaat: Yangiqishloqning eski yo‘liga qachon tosh to‘kiladi?
Qishlog‘imizdagi 3 kilometrlik ko‘chaga shag‘al yotqizilmagan. Shu sabab bu ko‘cha yozda chang, yog‘ingarchilikda loy. Bu holat qishloqqa tez yordam mashinasining kirib-chiqishida, aholining qabristonga borishida, o‘quvchilarning maktabga qatnashida muammo bo‘lyapti.
Qishloqning markazidan soy o‘tgan. Shag‘alni shu yerdan olsa bo‘ladi. Soyning ikki tarafiga 1,5 kilometrdan masofaga shag‘al yotqizish uchun aholining kuchi yetmayapti. Shuning uchun “Mutasaddilar faqat texnika ajratsa, 500-600 litr yoqilg‘isiga o‘zimiz yordam beramiz”, deb bormagan joyimiz qolmadi.
Prezidentimiz mas’ullarga “mahallabay” o‘rganish, qishloq ko‘chalarini obod qilish topshirig‘ini berganini eshitib, “Endi masalaga yechim topiladi”, deb xursand bo‘lgan edik. Ammo texnika keldi. 1 kilometr yo‘l ta’mirlandi. Yo‘lni ta’mirlaymiz, deb yig‘ib turgan pulimizdan 2 million so‘mga yaqini texnika xizmati uchun berildi. Bundan tashqari, 500 litr yoqilg‘idan ham yordam qildik. Lekin qariyb bir oy avval boshlangan ish chalaligicha, 2 kilometr yo‘limiz eskiligicha qoldi.
Biz yo‘limizni asfalt qiling, demayapmiz, nahotki tosh to‘kishga ko‘maklashish mutasaddilar uchun qiyin bo‘lsa?..
Qo‘shrabot tumani Navkat mahallasi Yangiqishloq qishlog‘ining bir guruh fuqarolari nomidan
Usmon Hasanov,
Ne’matilla Bolmonov.