@zarafshonbot‘ga bildirishlaricha: Turdimovga yana murojaat qilishim kerakmi?

Men 1972 yilda tug‘ilganman. 4 nafar farzandim bor, o‘zim uy bekasiman, ikkinchi guruh nogironiman. Turmush o‘rtog‘im ham bir yildan buyon vaqtincha ishsiz.

2020 yil 17 fevral kuni Chelak shahridagi 1-BO‘SMda viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning sayyor qabuliga bordim. Maqsadim tos churrasi yemirilishi, artritdan sog‘ayish edi.

Viloyat hokimiga dardimni aytganimda, shu yerda turgan kishilar gaplarimni yozib olishdi va operatsiya uchun pul o‘tkazish kerakligini aytishdi. Keyin E.Turdimov viloyat travmatologiya shifoxonasidan Oybek ismli kishini chaqirib, “operatsiya uchun pul o‘tkaziladi, operatsiyani gaplash”, dedi.

Shundan keyin menga juda ko‘p telefon qilib, sizga pul o‘tkazildi, deyishdi. Shu gapga ishonib, viloyat travmatologiya kasalxonasiga bordim. 16 kun davolandim, lekin operatsiya uchun pul o‘tkazishmadi, deb javob berishdi. Kelganimdan keyin yana telefon bo‘ldi - chamasi 10 mart atrofida edi. Telefonda yana mening operatsiyamga pul o‘tganini bildirishdi. Keyin operatsiya uchun borsam, pul o‘tmagan, deyishmoqda. 27 iyul kuni yana travmatologiyaga borsam, yana shu javob...

Qayerdadir mening familiyam ro‘yxatdan tushib qolganmi? Shuncha odamning ichidan mening familiyam qolib ketganligini tushunmayman. Endi men nima qilishim kerak? Belingizni operatsiya qildirsangiz, yaxshi bo‘lib ketasiz, qilishmasa, nogiron bo‘lib yotoqda qolib ketasiz, deyishayapti. Yana Erkinjon Turdimovga murojaat qilishim kerakmi?

Rahima MUHAMMADIYeVA, 

Payariq tumani Alisher Navoiy mahallasi.