@zarafshonbot’ga murojaat: “4 qavatli binoga ruxsat olib, 5 qavat qilib ko‘tarishdi”
Samarqand shahar Xoja Ahror Vali mahallasida yashayman. Yonginamizda bo‘layotgan imorat qurilishi qurilish talablariga rioya etilmasdan davom ettirilayotgani sabab tinchimiz buzildi.
Uy-joyimiz yon tomonidagi sobiq viloyat narkologiya dispanseri to‘rt qavatli bino rekonstruksiya qilinishi uchun 2018 yil 2 yil muddatda 5 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti bilan tadbirkorlardan biriga berilgandi. Mazkur hududda qo‘shimcha 4 qavatli bino qurishiga ham ruxsat berilgan.
Ammo ushbu joyni olgan tibbiyot va tashxis yo‘nalishidagi korxona binoni 4 qavat emas, 5 qavat qilib ko‘tardi. Oqibatda loyihadan tashqari o‘rnatilgan bir necha derazalar biz va qo‘shnilarimiz hovlisiga qaratilgan.
Uyimiz bilan bu binoning oraliq masofasi 20-25 metr bo‘lishi kerak edi. Ammo amalda 17 metr. Balandligi 12 metrdan oshmasligi kerak bo‘lgani holda 19 metr atrofida qilib ko‘tarildi.
Qurilishda yong‘in xavfsizligi talablari ham inobatga olinmagan. Masalan, transformator devorimiz yonida o‘rnatilgan.
Ushbu holatlarni suratlarga ham olib, jo‘natyapman. Ko‘rgan kishi e’tirozim nechog‘li to‘g‘ri ekanini anglaydi.
Bu jarayonni nazorat qiluvchi tashkilot mutasaddilar mahallamizga kelib, holatni o‘rganishi va qonuniy baho berishlarini so‘raymiz.
Komiljon Jumayev.