@Zarafshonbot’ga murojaat: Ko‘chamizdan o‘tgan suv quvuri sifatsiz ta’mirlandi, yo‘llarimiz abgor holga keldi

Samarqand shahridagi Yangiqo‘rg‘on mahallasi Gumbaz ko‘chasida yashovchi aholi nomidan murojaat qilyapman.

Bundan bir necha oy avval "Samarqand suv ta’minoti" korxonasi ishchilari ushbu ko‘chamizning 124-xonadoni yonidan o‘tadigan 1000 diametrli suv quvurini ta’mirlagan edi. Ta’mirlash ishlaridan keyin yana suv otilib chiqdi. Ular yana kelishdi, ammo ishni oxiriga yetkazolmadi. Hozir ham bu yerdan suv chiqib turibdi. Yomoni, ta’mirlangan joy bir necha oydan beri tekislangani ham, avvalgi holatiga keltirilgani ham yo‘q.

Holat yaxshilanmagach, biz Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qildik. Obodonlashtirish boshqarmasi shu yilning 18 iyulida "Samarqand suv ta’minoti" aksiyadorlik kompaniyasiga bizning Yangiqo‘rg‘on mahallasi Gumbaz ko‘chasida suv va oqava tarmog‘i o‘tkazish uchun asfalt qoplamali yo‘lda qazish ishlari bajarilganini bildirib, hozirgi kunga qadar ta’mirlash ishlari bajarilmaganligi haqida xabar jo‘natgan.

Boshqarma ushbu muammoni bartaraf qilish hamda tez fursatda ko‘chani qayta ta’mirlab, asfalt qoplamasi yotqizish choralarini ko‘rish bo‘yicha ogohlantirish xati yo‘llagan. Biroq hamon ko‘chamiz suratdagi kabi holatda turibdi.

Ijtimoiy tarmoqda bosilgach, bu holat "suv"chilarning yodiga tushib, ishni oxiriga yetkazar, ko‘chamizni ham avvalgi holatiga keltirib qo‘yar, deya sizlarga murojaat qildik...

Turdiniyoz bobo QULJONOV.