@Zarafshonbot’ga murojaat: «Oqtosh»dagi bankomat nega ishlamaydi?
Payariq tumanidagi Oqtosh mahallasidagi do‘konga bankomat o‘rnatildi. Aholi boshida bunday «muruvvat»dan juda xursand bo‘ldi. Afsuski, xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi.
"Bankomat ana ishlaydi, mana ishlaydi", deganiga ham uch oy bo‘ldi. Natija esa yo‘q. Sababi, aloqa yo‘q emish. Shu ham gapmi? Tezkor internet zamonida yashab, shuni vaj qilib ko‘rsatish uyat emasmi?
- Plastikka pul tushsa ham bir balo, tushmasa ham...
- Ertalabdan buyon sarsonmiz. Ana shu "matoh"ni ishlatib qo‘ysa bo‘lmaydimi? Nima keragi bor unda bankomatning?..
- Agar menga 200 ming so‘m kerak bo‘lsa, shuning uchun ham tuman markazidagi bankka borishimiz kerakmi?..
Oqtosh mahallasida yashovchilar bekorga bunday tutoqib gapirayotgani yo‘q. Mahalla tuman markazidan 15 kilometr olisda joylashgan. Aholisi 4600 dan ziyod. Demak, mahalladagi bankomatni ishlatish zarur.
Hayronman, nega bizda doim shunday? Tizimli bir ishni qoyillatmaymiz? Hurmatli bank mutasaddilari "bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar", qabilida ish tutish joningizga tegmadimi?
Husniddin XOLDOROV.