Zarafshonbot’ga murojaat: Qorasuvdagi “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasidan iste’molchilarga bayram "sovg‘a"si: Ayrim qarzdorlar uchun "dom"lardagi liftlar ishi to‘xtatilishi mumkin

Samarqand shahar Qorasuv maskani Qorasuv mahallasiga “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Ushbu mahallada 12, 14, 16 ko‘p qavatli uylar joylashgan bo‘lib, har bir ko‘p qavatli uyda ikkitadan (katta va kichik) liftlar mavjud.
Kecha “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi ushbu liftlar 15 martdan elektr energiyasidan uzib qo‘yilishi haqida ogohlantiruv xati qo‘yib ketishibdi. Bunga ayrim fuqarolar “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasiga majburiy badal to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamay kelayotganligi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Savol tug‘iladi, boshqaruv servis kompaniyasiga oldindan bir yillik to‘lovni amalga oshirgan fuqarolar nima qiladi? Ular ham elektr energiyasi uzib qo‘yilsa, liftlardan foydalana olmaydimi? Qani bu yerda mantiq? Har bir pod’yezdda 36 tadan 48 tagacha xonadon mavjud. Aytaylik, xonadon egalarining yarmi majburiy badal pulini to‘lagan bo‘lsa, qolgan qarzdorlar uchun ham shuncha odam yuqori qavatlardan zinada tushib chiqadimi? Bu yerda qariyalar, go‘daklar bor.
Biz o‘zi qaysi asrda yashayapmiz? Majburiy badal pulini undirolmayotgan “Nur Sharq Tess” boshqaruv servis kompaniyasi nega qarzdor fuqaroni sudga bermaydi? Qarzdorlikni undirishning qonuniy, huquqiy yo‘llaridan ular bexabarmi yoki qoloq va boshqa iste’molchilarga noqulay usul ularga ma’qulmi?
Bizda qachon aholiga xizmat ko‘rsatish jahon standartlariga mos ravishda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi?
Xurshida ERNAZAROVA.