«Zarafshon»ga chipta sovg‘a qilish an’anaga aylanadi
Jomboyda «Zarafshon» kinoteatri foydalanishga topshirildi.
Ushbu madaniyat dargohi qariyb 1 milliard so‘m evaziga rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Yorug‘ va keng foye, 200 o‘rinli tomoshalar zali mehmonlar uchun o‘zgacha shukuh beradi. E’tiborlisi, majmua nafaqat kino, balki spektakllar namoyishi uchun ham sharoitlarga ega.
Tantanali ochilish marosimida san’at ixlosmandlari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, tuman hokimi Qayum Sobirov hamda kinematografiya agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Farmon Roziqov xalqimiz estetik didini yuksaltirishda madaniyat dargohlarining ahamiyatini ta’kidlashdi. Bino rekonstruksiyasida xizmat qilgan quruvchilar mehnati e’tirof etildi.
«Zarafshon» kinoteatri 1976 yilda barpo etilgan bo‘lib, o‘z vaqtida tuman xalqi uchun o‘ziga xos madaniy-ma’rifiy maskan sifatida xizmat qilgan. Keyinchalik qarovsiz qolgan dargoh so‘nggi o‘n yillarda faoliyat yuritmay kelayotgandi.
– Prezidentimizning joriy yil fevral oyidagi tumanimizga tashrifi davomida ushbu madaniyat o‘chog‘ini qayta tiklash g‘oyasi ilgari surilgandi, – deydi tuman hokimi Q.Sobirov. – Davlatimiz rahbari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyat mevasi o‘laroq, kinoteatr binosi davlat-xususiy sheriklik tartibida rekonstruksiya qilindi. Endilikda bu yerda nafaqat kino, balki teatr san’atini rivojlantirishni ham maqsad qilyapmiz.
Kinoteatrning ilk ish kunida "O‘zbekkino" milliy agentligi tomonidan suratga olingan «Afv» hamda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri ijodkorlari sahnalashtirgan «Qaltis qadam» spektakli namoyish etildi.
Tadbir davomida o‘ziga xos taklif ilgari surildi: "Bundan buyon yaqinlarimizga kino va teatr premeralari uchun chipta sovg‘a qilsak, buni ezgu an’anaga aylantirsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi, – dedi ustoz jurnalist Farmon Toshev. – Bu tashabbusni jomboyliklar tajribasi sifatida mamlakatimizda faol targ‘ib qilamiz".
San’at dargohida kino va spektakllar namoyishi joriy haftada muntazam davom etadi.