«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 29 fevral, №27) sonida o‘qing
Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘rtinchi sessiyasida viloyatda yoshlarning bandlik darajasini oshirish va Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus doirasidagi ishlarni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi. Unda ko‘p muammolar asosan ishsizlikdan, yoshlarning doimiy daromad manbaiga ega emasligidan kelib chiqayotgani, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi asosida yoshlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlarda kamchiliklar mavjudligi haqida aytildi. Viloyatdagi to‘rt sektor rahbari – viloyat hokimi, viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘z hududida yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va bu yilgi rejalar haqida ma’lumot berdi. Afsuski, deputatlarning faolligi sezilmadi. Bir nafargina deputat to‘rtinchi sektor rahbariga savol berganini aytmasa, boshqa deputatlar sektorlar rahbarlariga na savol berdi, na taklif.
***
Samarqand shahridagi Dahbed va Rudakiy ko‘chalari chorrahasidagi qator savdo, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashgan binolar yonidagi kaftday joyda o‘nlab «Damas»lar shunday joylashganki, ularning mohirlik bilan tig‘iz qo‘yilganidan aqling shoshadi. Atrofdagi baqir-chaqiru, g‘ala-g‘ovur bozordagidan o‘tib tushadi. Xullas, xuddi mana shu joydan Oqdaryo, Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlariga transport qatnaydi. «Avtoturargoh» qoidalari bu yerda ham bor. Yo‘lovchilar uchun qulay joyda, naq mashinalarning tutuni ostida non, qand-qurs ochiq-sochiq sotiladi. «Damas»lar ham o‘z navbatida shu kaftday joy uchun «stoyanshik»ka pul tashlab, yo‘lga ravona bo‘lishadi. Bu yerdagi tartibsizlik hech kimning - na rahbarlarning, na nazorat tashkiloti mutasaddilarining parvoyiga kelmayapti...
***
30 fevral qachon keladi? Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz: 30 fevral uydirma emas, kelajakda ana shunday kun kelishi mumkin ekan. Tarix fanlari nomzodi Aleksandr Bayramov «AiF» haftanomasida yozishicha, bir necha yil avval ommaviy axborot vositalarida tropik va kalendar yillarini bir-biriga muvofiq kelmasligi oqibatida 3328 yilga borib xatolar to‘planib, ortiqcha bir kun paydo bo‘lish haqida xabarlar tarqalgan edi. Ya’ni, amaldagi qoidaga binoan yana fevral jabr ko‘radi. Uni bir sutkaga uzaytirishga to‘g‘ri kelib, kalendarga 30 fevral deb yozish lozim bo‘ladi.