ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining "hind" shtammiga qarshi ta’siri o‘rganilyapti
Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi raisi Li Van Jun va professor Chen Fan Gu bilan muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida Xitoy-O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining koronavirusning turli variantlariga qarshi himoyasi to‘g‘risida olingan ilmiy natijalar muhokama qilindi.
ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi Covid-19 virusining ayni vaqtda dunyoda tarqalgan afrikancha (501Y.V2) va britancha (D614G) variantlaridan himoya qila olishini tasdiqlamoqda.
Muloqot davomida hozirda olimlar Hindistondan tarqalgan delta-variant ustida ham tadqiqotlar olib borayotganlari, bu haqda maqola hali chop etilmagani, ammo natijalar ijobiy bo‘layotgani haqida fikr almashdilar.
Laboratoriya tekshiruvlari vaksinatsiyalangan odam zardobi ham, hayvonlar zardobi ham delta variantga qarshi himoyalanganini namoyon etgan. Ayni paytda ma’lumotlar tasniflanmoqda va maqola yaqin kunlarda chop etilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: hozirgacha Xitoyda 90 million aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan. Ularning aksariyati vaksinaning birinchi va ikkinchi dozalarini olishgan. Shu paytgacha mazkur vaksina bilan emlanganlar orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan.