“ZIYO CUP—2025”: SIUTning “IRBIS” jamoasi xalqaro musobaqada munosib natija qayd etdi
Kibersportning ommalashuvi yoshlarning texnologiyalar bilan ishlashini, strategik fikrlashini va jamoaviy ko‘nikmalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Bu jarayon tasodifiy emas: davlat darajasidagi e’tibor, qonunchilikdagi islohotlar va oliygohlar faoliyatidagi yangilanishlar kibersport rivoji uchun mustahkam zamin yaratdi.
Fidjital sport — jismoniy harakat va virtual o‘yin elementlari birlashgan zamonaviy musobaqa turidir. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishdagi Xalqaro federatsiya bilan hamkorlik memorandumini imzolagan ilk davlatlardan biri bo‘lgani bejiz emas. Bu mamlakatimizning zamonaviy sport shakllariga ochiq yondashuvi va raqamli sport bo‘yicha strategik maqsadlariga muvofiq keladi.
Shu jihatdan Toshkent shahridagi “Cyber Arena”da bo‘lib o‘tgan “ZIYO CUP—2025” xalqaro musobaqasi talabalar orasidagi kibersport raqobatining eng yirik maydoniga aylandi. Musobaqada 68 ta oliygohning 200 nafardan ortiq ishtirokchisi o‘zaro bellashdi.
Mukofot jamg‘armasi 18 million so‘m bo‘lgan bellashuvlarda jamoalar tezkor reaksiya, strategik fikrlash, jamoaviy harakat va psixologik bardoshga tayangan holda raqobatlashdi.
Mazkur musobaqada viloyatimizdan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)ning “IRBIS” jamoasi ishtirok etdi. Jamoa Counter-Strike 2 bo‘yicha 4-o‘rin, Dota 2 yo‘nalishida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga diplom, medal va sovrinlar topshirildi.