Ziyoratmi, tijoratmi yoxud shakkoklik?
Ichkarida tumonat odam. Kimdir ulug‘ alloma maqbarasi devorlarini silaganicha, kaftini yuziga surtar, kimdir qabrni aylanish bilan ovora. Majmuadagi buloqdan suv olish uchun bir-biriga navbat bermay qo‘llaridagi idishlarni to‘ldirishga intilayotganlar qancha. Faqatgina sanoqli ziyoratchilargina ayvonlarda maqbara atrofida o‘rnatilgan o‘rindiqlarda o‘tirib, Imom Buxoriy ruhiga atab tilovat qilmoqda edi.
Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasidamiz. Odam tirbandligidan nazoratchilarning hay-haylashiga qaramay, maktab va kollej o‘quvchilari bir-birining ustiga chiqqudek bo‘lib, ichkariga intiladi. Amallab kirgach esa, bu yerda abadiy qo‘nim topgan buyuk bobakalonimiz va uning avlodlari qabrlari fonida darhol selfi qilib, rasmga tusha boshlashdi.
Ikkita qiz hiringlaganicha maqbara chetida tug‘ ostidagi qabr ustiga chiqib, suratga tusha boshlashdi. Asabiylashib, bergan tanbehimdan so‘ng to‘planganlar ichida tezda g‘oyib bo‘lishdi.
O‘quvchilarni biroz kuzatdim, na ularni olib kelgan o‘qituvchi-murabbiylar, na ularning o‘zlari o‘tganlar haqiga duo qilishdi. Shunday holatni Shohi Zinda yodgorlik majmuasida ham kuzatdik. "Samarqand marvaridi" degan nomga sazovor bo‘lgan Shohi Zinda ansambli nafaqat tarixiy-me’morchilik yodgorligi, balki mashhur allomalar, avliyolar, malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Qayerga va nima uchun kelganini tushunmagan, to‘da-to‘da bo‘lib qo‘ltiqlashgan yoshlar birma-bir maqbaralarga mo‘ralashar, xiringlagancha rasmga tushishardi.
Eng achinarlisi, ularning hech biri shu yerdagi nazoratchilar yoki katta yoshdagi insonlarga murojaat qilib, bu yerda kim yotgani-yu, yodgorlik qachon va nima maqsadda qurilganini so‘ragani yo‘q.
Bibixonim jome masjidining kunchiqar tomonida bundan olti asrlar ilgari barpo qilingan mo‘’jazgina me’moriy obida qad rostlab turibdi. Bu obidaning gumbazi ostida Amir Temurning suyukli xotini, zukko, tadbirkor, oqila katta xonim – Saroymulkxonim – Bibixonim abadiy uyquda yotibdi.
Bibixonim maqbarasi ziyoratida esa devorga o‘z nomini "abadiy" muhrlayotgan qizning oldida turgan murabbiysi "Yigitingning nomini ham qo‘shib yoz" deganini eshitib, chidab tura olmay, unga gapirishim bilan o‘z nomlarini devor va panjaraga yozayotgan qizlarni haydaganicha, bizning guruhimizdan uzoqlashishga harakat qildi.
Bibixonim masjidida esa o‘quvchilar qo‘lidagi chipsi qog‘ozini, pista po‘choqlarini u yoq – bu yoqqa alanglab, marmar toshdan bitilgan tarixiy lavh ostiga otib yubordi.
Afsuski, ziyoratdan barchamiz ko‘nglimiz o‘ta xijil, tushkun kayfiyatda qaytdik. Talabalarim rus guruhi bo‘lishiga qaramay, ularga qayerga borayotganimizni, ziyorat tartib-qoidalarini tushuntirgan edim. Ular ziyorat odobidan chetga chiqmay, har bir ziyoratgohda uning tarixi bilan birga, o‘tganlar ruhini shod aylash uchun qilgan tilovatimizga qo‘shilishga harakat qilishdi.
Ammo sayohat davomida ko‘rganlarimiz, ko‘pchilik yoshlarning o‘zini tutishini ko‘rib, nahotki ularni olib kelgan yetakchilar bu haqda ularga tushuncha bermagan bo‘lsa, deb o‘yladim.
Bugungi kunda ziyorat sayyohligi jahonda keng tarqalgan bo‘lib, har yili butun dunyoda 350 million nafarga yaqin odam turli yodgorliklarni tomosha qilish uchun sayohatga otlanib, 3 milliarddan ortiq safarlarni amalga oshirishadi.
Zamonaviy ziyorat sayyohligi tijorat va uning samaradorligini baholashning iqtisodiy mezonlarini ifodalaydigan ommaviy turizmning barcha modellarini o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda ham ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Chunki muqaddas qadamjolar, ziyorat va ibodat ob’yektlariga ega bo‘lgan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston alohida o‘rin egallaydi. Birgina 2018 yilning birinchi choragida mamlakat ichida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida 10 million nafardan ortiq yurtdoshimiz Samarqand, Buxoro, Xiva kabi dunyoga mashhur shaharlarga sayohat qildi.
Albatta, bu juda yaxshi, ammo aholining aksariyat qismi, xususan, yoshlar – maktab va kollej o‘quvchilarini boy tarixiy merosimiz bilan tanishtirish, ulug‘ bobokalonlarimiz nomini yod olish, ruhini shod etish o‘rniga borgan joylarini ifloslantirishi, ayniqsa, yoshlarning nojo‘ya xatti-harakatlari uyat va achinarli holatdir.
Buning oldini olish maqsadida, avvalo, o‘zimiz aholi, xususan, o‘quvchi-yoshlarni ziyorat tartiblaridan xabardor qilish, sayohatlarni yuksak madaniyat bilan tashkil etishga e’tibor qaratishimiz lozim. Bu sayohatlar orqali ular buyuk ajdodlarimiz, tarixiy shaxslar hayoti, faoliyati haqida boy bilim va tushunchaga ega bo‘lsin, shu zaminda yashayotganidan qalbida faxr-iftixor tuysin, vatanparvarlik hissi uyg‘onsin.
Ziyorat odobini buzgan, tarixiy obidalarga, jihozlarga shikast yetkazgan har bir shaxsga tegishli choralar ko‘rish kerakdir.
Qadimiy binolar har qanday shovqin, kuchli yorug‘lik ta’siridan tez yemiriladi. Shu sababli bunday inshootlar ichida savdo-sotiqni taqiqlash, tarixiy ahamiyatga molik madrasa, maqbaralarni faqatgina tashqaridan ko‘rishga ruxsat berish, diniy ibodatlarga zid bo‘lgan amallarning bajarilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, nazarimizda.
Nargis QOSIMOVA.