Zobitlar yoshlar huzurida
Viloyat mudofaa ishlari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda huquq-tartibot sohasida ishlagan va faoliyat ko‘rsatayotgan ofitserlar kollejning maxsus akademik guruhida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi.
– Bu tizimda ishlashning zavqi boshqacha, – deydi Mudofaaga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Samarqand viloyat kengashi raisi Isomiddin Ro‘ziyev. – Vatan himoyasi, yurt tinchligi uchun kurashish kishida faxr hisini uyg‘otadi, mas’uliyat va shijoat bilan ishlashga undaydi.
Tadbirda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatanni himoya qilish sharaf ekanini ular ongiga singdirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
– Bolaligimda harbiylarni ko‘rsam, havasim kelardi va ulardek yurt himoyachisi bo‘lishni orzu qilardim, – deydi Akbar Burxonov. – O‘sha qiziqish kollejga kelib, shu yo‘nalishda o‘qishimga sabab bo‘ldi. Bugun faxriy va xizmat burchini ado etayotgan insonlarni ko‘rib, harbiylikka ishtiyoqim yanada ortdi.
Tadbir so‘ngida taklif etilganlarga bayram sovg‘alari topshirilib, o‘quvchilar tomonidan Vatan haqidagi she’r va tabriklar aytildi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).