Zo‘ravonlik yoki erkaklar bilan kim ishlaydi?
Oilasida notinchliklar kuzatilgan, zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda aksariyat ayollar shu savol bilan murojaat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy himoya markazi vakillari zo‘ravonlik va turli tahdidlarga uchragan xotin-qizlar bilan uchrashib, muammolarini o‘rgandi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi viloyat bo‘limidagi sharoitlar bilan tanishar ekan, ular bilan ochiq muloqot uyushtirdi.
- Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar masalalarini o‘rganar ekanmiz, ularning sabablari turlicha ekanligi va bu masalada bir nechta tashkilotlar hamjihatlikda ishlashi lozimligi ayonlashadi, - deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov. – Keyingi yillarda ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimining tashkil etilishi bu masaladagi uzoq yillik muammolarni hal etdi. Xususan, zo‘ravonlik yoki tazyiqqa uchragan ayollar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga tezkor yordam ko‘rsatish maqsadida markazda shoshilinch qabul bo‘limlari va maxsus birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etilgan. Ushbu ko‘mak markazlari tez tibbiy yordam, psixologik va huquqiy maslahatlar hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatmoqda. Bu yerda zarurat tug‘ilganda jabrlanganlarga 3 kungacha vaqtinchalik boshpana taqdim etiladi. Uzoq muddatli himoya lozim bo‘lsa, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga yo‘naltiriladi. Samarqandda shunday markazdagi ayollar bilan suhbatlashib, ularning muammolarini o‘rganib, tegishli mutasaddilar bilan ularni hal etish bo‘yicha fikrlashdik. Qolaversa, qonunchilikka ba’zi masalalarda o‘z takliflarimizni kiritamiz.
-Turmush o‘rtog‘imning tahdid, zo‘ravonligi tufayli bir necha marta turli tashkilotlarga murojaat etishimga to‘g‘ri kelmoqda, - deydi qo‘shrabotlik N.S. – Himoya orderi ham oldim, ayni kunlarda reabilitatsiya markazida menga turli yordamlar ko‘rsatildi. Shu yerda yashash imkonim bor. To‘g‘ri, bir necha tashkilot vakillari ahvolimizni o‘rganayapti, bizga yordam bermoqchi. Lekin men bu yerda davomli yashay olmaymanku. Yana shu zulmga qaytib borishimga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, nega erkaklar bilan hech kim shug‘ullanmaydi? Ularni faqat profilaktika inspektori bilan qo‘rqitib bo‘lmaydiku, ular farzandlari uzoqda bo‘lgani bilan bir oy ichida o‘zgarib qolmaydiku. Men oilamni asrab qolishni, ajralib ketmaslikni juda ham istayman, lekin ma’lum muddatlik zulmdan xoli bo‘lishim bilan muammo yechilib qolmaydiku. Keyin qanday yo‘l tutaman, axir?
Ayollar orasida xuddi shunday savollarni ko‘ndalang qo‘yayotganlar bo‘ldi. Bu bo‘yicha taklif va fikrlar inobatga olinishi qayd etildi.
Shu o‘rinda eslatish lozim, tazyiq yoki zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha quyidagi xizmatlarga murojaat qilish mumkin:
- 102 — ichki ishlar organlari,
- 112 — yagona dispetcherlik xizmati,
- 1146 — ijtimoiy himoya tizimidagi «Ishonch telefoni», «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari va profilaktika inspektorlari.
Murojaatlar 24 soat ichida ko‘rib chiqiladi. Zaruratga ko‘ra profilaktika inspektori himoya orderini rasmiylashtiradi va ayollar birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtiriladi.
Gulruh MO‘MINOVA.