Zullisonayn shoir xotirasi

Ul sanamning ko‘zi kulgay o‘zi kulmasdan burun,

O‘zi kulgaymu sanamning ko‘zi kulmasdan burun.

Allaqachon nazm muxlislari qalbidan o‘rin olib ulgurgan bu o‘ynoqi misralar urgutlik zullisonayn shoir O‘lmas Jamol qalamiga mansub.

Urgutda tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan qo‘shni Tojikiston Respublikasida uzoq yillar yashab ijod qilgan shoir o‘zining butun faoliyati davomida aruz vaznida betakror g‘azallar yozdi, o‘zbek va tojik xalqlarining azaliy do‘stligini baralla kuyladi.

Hassos shoir tavalludining 85 yilligi munosabati bilan Urgut tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabida o‘tkazilgan “Nazm va navo” kechasiga Tojikiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston hamda qo‘shni viloyatlardan yosh ijodkorlar, san’atkorlar, olimlar tashrif buyurdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘lmas Jamol ijodining turli qirralari, u qoldirgan boy ijodiy merosning bugungi kun uchun ahamiyati, muallifning betakror iste’dodi haqida gapirdi.

– O‘lmas Jamol asarlarining o‘quvchilar dunyoqarashini shakllantirishdagi, xususan, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni katta, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi mas’ul kotibi Toshpo‘lat Tugalov. - Agar ta’bir joiz bo‘lsa, u kishining ijodini o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ulkan bir ma’naviy ko‘prik, deyish mumkin. U ikki tilda baravar ijod qildi, asarlarida ikki xalqni birdamlik, do‘stlik, ahillikka chorladi.

O‘lmas Jamol she’rlar yozish bilan birga jurnalistika sohasida ham barakali ijod qildi. Uzoq yillar Dushanbeda o‘zbek tilida chop etiladigan “Xalq ovozi” gazetasida faoliyat ko‘rsatdi.

“Nazm va navo” kechasida yosh xonandalar ijrosida yangragan shoir she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.

Yormamat RUSTAMOV.