Qonun barchaga barobar: payariqlik haydovchilarga hammi? (foto)
Fuqarolar konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga majburdirlar. Bu har bir davlatda, jumladan, bizda ham mavjud tartib-qoida. Lekin unga amal qilmasdan, o‘zini ham, boshqalarni ham hurmat qilaydigan kishilar, afsuski, oramizda bor.
Payariq tumani markaziy shifoxonasi yonidagi chorrahaga borsangiz bunday toifadagi kishilar juda ko‘p ekaniga guvoh bo‘lasiz. Boshqa joydan kelgan kishi bu joyni yo‘nalishsiz taksilar turadigan joy yoki kichikroq bozor deb o‘ylashi aniq. Ochig‘i, bu yerdagi tirbandlik har qanday kishining asabiga tegib, ta’bini xira qiladi. Tug‘ruqxona yonidan hech qanday hujjatsiz, o‘z bilganicha pullik “stoyanka” tashkil qilib olgan shaxslarning qiliqlari esa hammasidan oshib tushadi. Bu shovvozlarga “tug‘ruq majmuasi otangning chorbog‘i emas, bilgan ishingni qiladigan” deydigan mard hozircha topilmayapti.
Yaqinda mana shu joydagi tartibsizliklarga barham berish maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilanib, taksilar boshqa joyga ko‘chirildi. Ko‘cha savdosiga chek qo‘yildi. Bundan aholi xursand bo‘ldi. Lekin bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. Ayrim haydovchi va savdogarlar eski joyni tark etgisi kelmay, “aytsa aytibdi-da bizga nima” deganday yana shu yerda turibdi.
– Yo‘l chetiga avtotransport vositalari to‘xtab turishi ta’qiqlangan belgi o‘rnatilgan, – deydi mehnat faxriysi Rahmatulla Qorjavov. – Lekin haydovchilar bu belgiga parvo ham qilmaydi, doim mashinalar turnaqator turadi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlariga ham hayronman, nega qoidani buzayotganlarga chora ko‘rmaydi. Bir-ikki marta shu yerda turib, qoidabuzar haydovchilarga jarima solsa, menimcha, tartib o‘rnatiladi.
Husniddin Xoldorov.
Shirinboy Mamadaliyev olgan suratlar.