Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nurbuloqda yangi sihatgoh foydalanishga topshirildi

Gap Nurobod tumani Nurbuloq shaharchasida joylashgan noyob rodonli shifobaxsh suviga ega "Abu Ali Ibn Sino" sanatoriysi haqida bormoqda. Sihatgoh 1991 yilda faoliyatini boshlagan bo‘lib, bugun bu yerda nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki MDH davlatlaridan ham odamlar kelib davolanmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston kasaba uyushmasi federatsiyasi tizimidagi mazkur sanatoriyning 150 o‘ringa mo‘ljallangan, besh qavatdan iborat yangi binosi foydalanishga topshirilmoqda. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda senatorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan sihatgohning ushbu binosi mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Ushbu salomatlik markaziga xorij mamlakatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy asbob uskunalar keltirilib o‘rnatildi. Bundan tashqari, davolanuvchilar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan shinam yotoqxonalar, oshxona, madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun maskan, bolalar sport maydonchalari, kutubxona mavjud.

Sanatoriy uchun kasaba tomonidan avtobus va "Damas" avtomobili topshirildi.

Darvoqe, bu yerda kasaba uyushmasi tomonidan republikamizning turli viloyatlaridan kelgan 100 nafarga yaqin otaxon va onaxonlar dastlabki dam oluvchilar sifatida bepul qabul qilindi. Ular 10 kun davomida salomatliklarini tiklashadi, bu yerning so‘lim tabiatidan bahra oladi.

Husan Eltoyev.