Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Oson xizmat” vakillari Xalq qabulxonasida bo‘ldi

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Ozarbayjon Respublikasi “Oson xizmat” fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar agentligi rahbari Azad Jafarli boshchiligidagi delegatsiya 16 yanvar kuni Samarqandga keldi.

Mehmonlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tuzilma fuqarolarning murojaat va takliflari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, joylarda yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni tezkor bartaraf etish, aholining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga murojaat qilish huquqini kafolatlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Azad Jafarli Xalq qabulxonalarida aholi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgani, davlat boshqaruvi organlari, huquq-tartibot idoralari va boshqa tashkilotlar shu yerda sayyor qabullar o‘tkazishini o‘rgansa arzigulik tajriba deb baholadi. Xalq qabulxonalarining tuman va shaharlarda ham tashkil etilgani esa aholi uchun juda katta qulaylik ekanligini ta’kidladi.

Ozarbayjonlik mehmonlar Samarqandning muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarini ham ziyorat qildi.