Press-tur: Noqonuniy qurilishlar va reklama vositalari shahar ko‘rkini buzadi

Kecha, Samarqand shahar hokimligi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun O‘zbekiston ko‘chasidagi noqonuniy qurilishlar va barcha turdagi tashqi reklama vositalarini o‘rganishga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Dastlab OAV vakillari O‘zbekiston ko‘chasidagi «Zafar-Shahram-Bunyodkor» MChJ hamda fuqaro M.Saidova tomonidan noqonuniy ravishda qurilgan ko‘p qavatli uylar bilan tanishtirildi.
Mazkur mahallada joylashgan 65 hamda 67-ko‘p qavatli uylar shaharning tarixiy qismi muhofaza zonasida joylashganligi uchun shahar hokimining qarori bilan qurilishi to‘xtatilgan. Ammo «Zafar-Shahram-Bunyodkor» MChJ tomonidan 65-uyni belgilangan 15 metr o‘rniga 21 metr baland qilib qurish ishlari amalga oshirilgan. Hozirda viloyat iqtisodiy sudining 2020 yil 13 yanvardagi qaroriga asosan imoratning qo‘shimcha 6 metr balandlikdagi qismi buzib tashlanadigan bo‘ldi.
- Fuqaro M.Saidovaga shahar hokimining qarori bilan mahalla markazini qurib berish sharti bilan 3 qavatli turar-joy binosini qurishga ruxsat berilgan edi, - deydi Samarqand shahar hokimligi mutaxassisi Feruz Najmiddinov. - Ammo bu yerda ham qonun buzilish holatlari yuz bergan. Tadbirkor 3 qavat o‘rniga 4 qavatli, 24 xonadonli turar-joy binosini bunyod etgan. Madaniy me’ros obe’ktlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan mazkur uy-joy binosi ham Samarqand shahrining tarixiy qo‘riqlanadigan muhofaza hududida joylashganligi sababli binoning umumiy balandligini 11,5 metrdan oshirmaslik hamda qurib bitkazilgan 4-qavatni buzish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Akram Egamov bilan shahar ko‘chalaridagi tashqi reklamalarni joylashtirish va ulardan foydalanish tartiblarini o‘rganishdi.
Hozirgi paytda hududda shahar hokimligi bilan tadbirkorlar o‘rtasida vaqtincha tuzilgan shartnoma asosida 373 ta bilbord, 28 ta brendmaur (binolarning devor qismida o‘rnatilgan panno), 23 ta katta va 81 ta kichik ledmonitor, 13 ta prizmatron hamda 19 ta tom qurilmalari o‘rnatilgan. Bugungi kungacha ushbu tashqi reklama vositalaridan 870 million so‘mdan ziyod yig‘imlar kelib tushgan.
Ammo ayrim tadbirkorlar ko‘p qavatli uylarning devorlariga, svetoforlar yoniga va boshqa taqiqlangan joylarga belgilangan me’yorlardan katta hajmdagi reklama vositalarini o‘rnatib olishgan.
- Yaqingacha shahrimiz hududida noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama vositalari ko‘payib ketgandi, - deydi shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Akram Egamov. – Joriy yildan boshlab tuzilgan maxsus komissiya yordamida bu kabi reklama vositalarining qaysi hududlarda o‘rnatilganini aniqlab, bunday noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Biz tadbirkorlarning o‘z mahsulotlarini qaysi tilda bo‘lishidan qat’iy nazar reklama qilishga qarshi emasmiz. Ammo barchasining qonuniy bo‘lishini istaymiz.
Press-tur tashkilotchilari jurnalistlarning shahar ko‘chalaridagi daraxtlar, simyog‘och, devor hamda bekatlarga ilinayotgan turli reklama va e’lonlarni tartibga solish borasidagi savollariga javob berishdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.