Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat tibbiyot instituti va Kastiliya La-Mancha universiteti (Ispaniya) o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi

2019 yilning 6 may kuni Ispaniya Qirolligining Kastiliya La-Mancha universiteti (Universidad de Castilla-La Mancha) xalqaro ishlar va uzluksiz ta’lim bo‘yicha prorektori Fatima Guadamillas Gomez, xalqaro aloqalar bo‘limining akademik direktori Djordi Gimeno Bevia va ispan elchixonasining xodimi Alejandro Pastranalardan iborat delegatsiya Samarqand davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlar institutda o‘quv jarayonining tashkil etilishi, axborot-resurs markazi, test markazi, elektron kutubxona va simulyasion ta’lim markazini ko‘zdan kechirdilar. Ispaniya universiteti vakillari institutimizda yevropa ta’lim talablariga to‘liq javob bera oladigan oliy tibbiy ta’lim olish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdilar.

SamDTI rektori, professor A.M.Shamsiyev qabulida ispan delegatsiyasining a’zolari iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirib institutda yaratilgan ta’lim resurslari va moddiy-texnik bazasidan mamnun ekanligini aytib o‘tdilar. A.Shamsiyev mintaqamizda insoniyat tamadduni azal-azaldan rivoj topib kelayotgani, qadimiy va hamisha navqiron azim Samarqand shahri Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida bekat vazifasini o‘taganligi, o‘rta asrlardan Ispaniya va yurtimiz o‘rtasida elchilik aloqalari, shu jumladan Rui Gonsales de Klavixo aynan Kastiliya va Leondan elchi bo‘lib Sohibqiron Amir Temur huzuriga kelganligi to‘g‘risida so‘zlab berdi va ta’lim sohasidagi hamkorlik qilish taklifi uchun samimiy minnatdorchilik bildirib o‘tdi.

O‘zaro manfaatli muloqot natijasida Samarqand davlat tibbiyot instituti va Kastilya-la-Mancha universiteti (Toledo, Ispaniya) o‘rtasida oliy ta’lim sohasi hamda ilmiy va akademik almashuvlar haqida memorandum imzolanib, yaqin istiqboldagi samarali hamkorlikning ilk  qadamlari qo‘yildi.