Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon. O‘zbekistonda ilm-fanning yangi Renessans davri boshlanmoqda

Bugun mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, ilm-fan, ma’rifat sohasi vakillari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, intellektual boylikning qadr topayotgani xalqimizning tarixi, tiynati, mentaliteti, asriy qadriyatlari, orzu-umidlari bilan bevosita bog‘liq.

Vatanimizda insonning ta’lim olishiga ijobiy munosabat uzoq yillik an’analarga ega. Chunonchi, hududimizda IX-X asrlardan boshlab ko‘plab maktabu madrasalar faoliyat ko‘rsatgan. Ilk bor ochilgan oliy o‘quv yurtining tarixi ham asrlarga tutash.

Tarixchi-olimlar, ilm-fan namoyandalari, xalqaro ekspertlar bugungi kunda faoliyat yuritayotgan Samarqand davlat universiteti tamal toshi O‘rta asrlarda qo‘yilgan Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasining vorisi ekanini qayd etmoqdalar.

Xo‘sh, ushbu universitet tarixining ko‘hna Sharq sivilizatsiyasida beqiyos ahamiyat kasb etgan Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyatiga uzviyligi qanday asoslarga ega? Ushbu oliy o‘quv yurtida ta’lim jarayoni bugungi kunda qanday kechmoqda?

Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, texnika fanlari doktori, professor Rustam XOLMURODOV bilan suhbatimiz ana shular xususida bo‘ldi.

— Xalqimizda «Oqqan daryo oqaveradi», degan nihoyatda hikmatli gap bor, — deydi R. Xolmurodov. — Darhaqiqat, ezgu tutumlar qadriyatga aylanadi, yaxshi fazilatlar qondan-qonga o‘tadi. Jumladan, ilmu ziyo ham suyak suradi. Shu ma’noda, tamadduniy taraqqiyot ham uzluksizdir. Ko‘zga ko‘rinmas minglab iplar ­bilan bog‘langan uzviy rishtalar yillar, asrlar osha bo‘y ko‘rsataveradi.

Muayyan davrlar oralig‘ida Vatanimiz hududidan Imom Buxoriy, Abu Nasr ­Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Farg‘oniy, Hakim ­Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Xusrav Dehlaviy, Mirzo Ulug‘bek, Xoja Ahror, Alisher ­Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdulqodir Bedil, Boborahim Mashrab kabi buyuk ­siymolar yetishib chiqqan. Ular bashariyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shishgan.

Buni ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Lekin tabiiy bir savol tug‘iladi: ushbu insonlar aql-tafakkur, ilm-fan, ma’naviyat-ma’rifat bobida qanday qilib bunday oliy maqomlarga erishgan? Ular qayerda o‘qigan, kimlardan ta’lim olgan?

Shubhasiz, yuksak bilimga ega bo‘lish uchun har qanday inson yuksak darajada ta’lim-tarbiya olishi kerak. O‘ziga xos ilmiy maktablar, muhit, zarur shart-sharoit mavjud bo‘lgandagina yetuk salohiyat egalari kamol topadi. Shu bois O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi chuqur ildizlarga egaligi aniq.

Mana shunday fikr-qarashlar necha yillarki yurtimiz ziyolilari orasida aylanib yuradi. Biroq mamlakatimiz hududida faoliyat olib borgan ilmiy maktablar tarixini tadqiq qilishda shu vaqtga qadar aytarli yutuqlarga erishilmagan.

Buning sababi Vatanimiz istiqloligacha bu haqda dadil aytishning imkoni yo‘q edi. Keyinchalik ham bu masalaga panja orasidan qarab kelindi. Mamlakatimizdagi ilk oliy ta’lim muassasasi sifatida 1918 yilda ish boshlagan O‘zbekiston Milliy universitetigina ko‘rsatilardi. Yurtimizda oliy ta’lim tizimi paydo bo‘lganiga endigina bir asr bo‘libdi, degan xato va bir tomonlama tasavvur ne-ne allomalarni ulg‘aytirgan xalqimizning shonli tarixiga, qisqacha aytganda, adolatsizlarcha yondashuv edi. Ana shunday tamoyil bilan o‘zimiz ­faoliyat olib borayotgan Samarqand davlat universiteti o‘tmishini o‘rgana boshladik. Natijada universitetimizning bir geografik hududda joylashuvi, tarixiy-me’moriy inshootlar, asrlar osha bizgacha yetib kelgan qo‘lyozmalar, nodir asarlar, ma’naviy muhit, an’analari, qadriyatlariga ko‘ra Samarqandda 1420 yildan ish boshlagan Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasining vorisi ekani oydinlashdi. Bu yurtimiz tarixida faoliyat ko‘rsatgan oliy madrasalar bugungi kundagi oliy ta’lim dargohlarining «ajdodi» edi, degan fikrni beradi.

— Mulohazalaringiz g‘oyat g‘ururbaxsh. Lekin qadimda ish yuritgan madrasalarimizda, asosan, diniy ta’lim berilmaganmi, degan tabiiy savol tug‘iladi.

— Fikringiz to‘g‘ri. O‘rta asrlarda har qanday o‘quv maskani ta’limining asosini islom ta’limoti tashkil etardi. Shu bilan birga, madrasalarimizda dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan va davrlar o‘tishi bilan ularning ulushi ortib borgan. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek mad rasasida islom ta’limoti bilan birga, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyot kabi ijtimoiy-gumanitar, aniq va tabiiy fanlarning o‘qitilishi ikkinchi Sharq Renessansining vujudga kelishiga turtki bo‘lgan.

Aslida, G‘arbdagi ko‘hna deb hisoblangan dastlabki universitetlar tarixiga nazar tashlasak, ularning aksariyati ham avval talabalarga diniy ta’lim berish maqsadida tashkil etilgani ayon bo‘ladi. Yevropaning bugungi kunda ham mashhur bo‘lgan Bolonya (Italiya, XIII asrda asos solingan), Oksford (Buyuk Britaniya, XIII asrning ikkinchi yarmida asos solingan), Kembrij (Buyuk Britaniya, 1209 yili asos solingan), Sorbonna (Fransiya,  Parijda 1257 yili tashkil etilgan, asoschisi — ruhoniy Sorbon), Salerna ­(Italiya, IX asr­da Yevropadagi birinchi tibbiyot ­ta’lim muassasasi sifatida ochilgan, XI-XIII asr­larda juda mashhur bo‘lgan), ­Uppsala (Shvetsiya, 1477 yili arxiyepiskop Yakob Ulfson tomonidan tashkil etilgan), Xaydelberg (Germaniya, 1386 yil 18 oktyabrda «Muqaddas ruh» cherkovida ochilish marosimi o‘tkazilgan) universitetlarining barchasi dastlab diniy ta’lim muassasasi bo‘lgan. Davrlar o‘tishi bilan ularda dunyoviy fanlar o‘qitilishi kengaya ­borgan.

Sharqda ham aynan shunday jarayon kechgan. Xususan, akademik Bo‘riboy Ahmedovning qayd etishicha, Sohibqiron Amir ­Temur 1387 yili jurjonlik mashhur olim Mir Sayyid Sharifni Samarqandga olib kelgan va poytaxtdagi o‘zi qurdirgan «Dor ush-shifo» madrasasida dars berishga ­tayinlagan. «Dor ush-shifo» — «Shifo uyi», ya’ni shifoxona degani. Mantiqan anglashilib turibdiki, bu madrasada ko‘proq tibbiy ilmlar o‘qitilgan bo‘lishi kerak. Oradan bir asr o‘tib, Alisher ­Navoiy Sohibqiron Amir Temurdan qolgan shu an’anani davom ettirdi. U Hirotda aynan tibbiy ilmlardan ta’lim beriladigan «Shifoiya» madrasasini qurdirdi. Tarixchi Xondamir «Makorim ul-axloq» asarida hazrat Navoiyning «Shifoiya» madrasasini bunyod etgani va u yerda tibbiyot sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanganini yozadi: «Shifoiya» (madrasasi) ushbu madrasaning (bu o‘rinda «Xalosiya» madrasasi ko‘zda ­tutilyapti) G‘arbiy tomonida o‘ta toza va sarishta bir tarzda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda Mavlono G‘iyosiddin ­Muhammad ibn Mavlono Jaloliddin ushbu maskanda ­tibbiy ilmlardan ta’lim ­berish bilan mashg‘ul”.

Afsuski, ta’limdagi yuksalish XVI asr­dan e’tiboran muayyan darajada orqaga ketdi. Olimlarimiz to‘g‘ri qayd etayotganidek, keyingi asrlardagi urinishlar esa ahvolni o‘nglay olmadi, ob’yektiv va sub’yektiv omillar oldingi yuksak darajalarga yetish imkonini bermadi. Ma’lum ma’noda depsinish va turg‘unlik yuzaga keldi. G‘arbda diniy ta’lim muassasalarining zamonaviy tushunchadagi universitetlarga aylanish jarayonida ham uzilishlar bo‘lgan, masalan, O‘rta asrlar inkvizitsiyasi va ayrim qirollar siyosati ta’sirida ba’zi universitetlar faoliyati mutlaq to‘xtatib qo‘yilgan davrlar ham bo‘lgan. Biroq mamlakat rahbarligiga ochiq fikrli, ziyoli insonlar kelganida ushbu ta’lim dargohlarining faoliyati qayta tiklangan. Hatto ularning yangi rivojlanish davri uchun sharoitlar yaratib berilgan.

— Demak, mamlakatimizda ilk oliy ta’lim muassasasi tashkil etilganiga 600 yil bo‘libdi. Mirzo Ulug‘bek madrasasi qachongacha faoliyat yuritdi? Ushbu oliy o‘quv maskanida ta’lim jarayoni qanday kechgan?

— Tarixchi olim, shoir Zayniddin ibn Abdujalil Vosifiy o‘zining «Badoe’ ­ul-vaqoe’» («Go‘zal voqealar») asarida Ulug‘bekning Samarqandda bino qildirgan madrasayi oliyaga mudarris tayinlash bilan bog‘liq bir lavhani ­tasvirlagan. Unda yozilishicha, hijriy 813, milodiy 1420 yil kuz faslining farahbaxsh kuni madrasa qurilishi nihoyasiga yetgan. Hammayoq saranjom-sarishta. Olimlar, tolibi ilmlar, qoziyu quzzot, saroy ahli yangi madrasa hovlisiga jam bo‘lgan. Barchani bu firdavsmonand madrasaning birinchi mudarrisi kim bo‘lishi masalasi qiziqtirar edi. Mirzo ­Ulug‘bek to‘planganlarga murojaat qilib, «Hamma ilmlarda yetuklikka erishgan kishi madrasaning birinchi mudarrisi bo‘lsin», deydi. Shunda odamlar orasidan bir kishi chiqib «Men imtihon topshiraman», deya da’vo qiladi. U Mirzo Ulug‘bek rahbarligida 90 olim va talaba huzurida Batlimusning (Klavdiy Ptolomey) «Al-majistiy» asari bo‘yicha imtihon darsi o‘tadi. Sinovdan nihoyatda yuksak saviyada o‘tgan bu inson o‘z davrining yetuk olimi va muda rrisi Shamsiddin Muhammad Xavofiy edi.

Shunga asosan, Mirzo Ulug‘bek madrasasida dastlabki darsni 1420 yil 21 sentyabrda Shamsiddin Muhammad Xavofiy o‘tgan. Birinchi darsda 90 nafar tolibi ilm qatnashgan. Ma’ruzada Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy ham hozir bo‘lishgan.

Bizningcha, xuddi shu kunni, ya’ni 1420 yilning 21 sentyabrini madrasada o‘quv yilining boshlanish sanasi, deb hisoblash o‘rinli.

Madaniyat, ilm-fan, san’at va ada­biyot beshigiga aylangan ushbu oliy dargohda Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin al-Koshiy va Ali Qushchi kabi yetuk olimlar faoliyat olib bordi.

Mirzo Ulug‘bek 1018 ta yulduzning holati va joylashuvi bayon qilingan astro­nomiya jadvalini tuzdi. Ushbu asar astronomik o‘lchovlar bo‘yicha 16 asr davomida yaratilgan birinchi yangi katalog edi.

Al-Koshiy birinchi bo‘lib o‘nlik kasrlarni ilmiy iste’molga joriy etdi, erkin darajalar ildizlarining izchil yaqinlashib borishi va ularni topish metodlarini ishlab chiqdi.

Keyinchalik ilmiy muassasani tark etishga majbur bo‘lgan Ali Qushchi Istanbul universitetining asoschilaridan ­biriga aylandi.

Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasi 500 yil davomida turli tarzda faoliyat ko‘rsatib, 1920 yilda uning faoliyati majburan to‘xtatilgan. Ammo keyinchalik oliy pedagogika instituti, pedakademiya, so‘ngra O‘zbek davlat universiteti, hozirda esa Samarqand davlat universiteti sifatida yangi davr, yangi talablar, yangicha yo‘nalishda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Shuni inobatga olsak, 1420 yildan bu yog‘iga madrasayi oliya faoliyatida muayyan ijtimoiy-siyosiy vaziyat o‘zgargani ta’sirida bor-yo‘g‘i 7 yilgina, ya’ni 1920-1927 yillardagina majburiy tanaffus bo‘lgani ayonlashadi.

Tarixiylik, manbaviylik madrasa — universitet tizimi davrlar kesimida ta’limning Samarqand zaminida uzluksiz davom etganiga asos bo‘la oladi. O‘zbekiston ta’lim tizimi shakllanishi va rivojlanishini milliy madaniyatimizning o‘rta asrlardagi yutuqlari bilan bog‘lash davlatimiz rahbarining ta’lim sohasida olib borayotgan islohotlarining bir ko‘rinishi sifatida, uning natijalari yoshlarni vatanparvarlik hamda ilmiy-madaniy merosimizga faxr-iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

— Ildizlari ko‘hna tamaddun daryosidan suv ichgan universitetda ta’lim jarayoni bugungi kunda qanday kechmoqda? Zero, ulug‘ ajdodlarga munosiblik mas’uliyatining zalvori katta...

— Bu haqda gap ketganda, keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar ta’lim-­tarbiyasiga yondashuv mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarilganini ta’kidlash joiz. Prezident qarori bilan maktabgacha ta’lim tizimi shakllantirilishi, maktab, akademik litseylar faoliyati takomillashtirilishi, yangi institut va universitetlar ochilib, oliy ta’limga qabul kvotalarining kengaytirilgani, ustoz-murabbiylarni moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirishning kuchaytirilgani strategik chora-tadbirlar bo‘ldi.

Yangi tipda tashkil etilayotgan bog‘chalar, maktablar, litseylar, atoqli shoir-yozuvchilarning ijod maktablari, ­Prezident maktablari — «bu zanjir» bizga innovatsion fan bilan mashg‘ul bo‘la oladigan salohiyatli avlodni kamolga ­yetkazishga zamin yaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda ilm-fanning yangi Renessans davri boshlanayotganiga ishonchimiz komil.

Ana shunday keng imkoniyatlardan foydalanib, ta’lim muassasamizni nafaqat yurtimiz, balki jahondagi ilg‘or universitetlar qatoriga olib chiqish uchun harakat qilyapmiz.

Prezidentimizning 2019 yil 8 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Milliy universiteti bilan birga Samarqand davlat universiteti ham mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirildi.

Konsepsiyaga ko‘ra, o‘quv yurtimizni xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Bugungi kunda universitetimizda 18 ming­dan ortiq talabaga 900 dan ziyod professor-o‘qituvchi ta’lim berib kelmoqda. Jahonda yuksak samara berayotgan kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich tatbiq etmoqdamiz. Talabalarning nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari ishlab chiqilmoqda.

Maqsadimiz oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadr­lar tayyorlashdir.

Ulug‘ ajdodlarga munosib voris bo‘lish uchun hali oldimizda qiladigan ishlarimiz ko‘p. Masalan, magistratura ta’lim tizimini tubdan yaxshilash va mazmunan kuchaytirish, uning universitet talabalar tarkibidagi ulushini ko‘paytirishimiz kerak. Jumladan, bugungi kunda ta’lim olayotgan talabalarimizning atigi 4 foizinigina magistrantlar tashkil qiladi. Bunday past ko‘rsatkich kelgusida ilm-fan bilan shug‘ullanadiganlar hajmini to‘la shakllantirish imkoniyatini yarata olmaydi. Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, chet ellardagi aksariyat nufuzli universitetlarda magistrantlar soni bitiruvchi-bakalavrlar sonining 50 foizigacha tashkil qiladi. Shuning uchun, ilm-fan bilan shug‘ullanish qobiliyatiga ega yuqori intellektual massivni oshiramiz desak, magistratura hajmini kelgusida bakalavriaturaga nisbatan 40-50 foizgacha yetkazish choralarini ko‘rishimiz zarur.

Ilmiy-pedagogik genofondni xorijiy ilmiy maktablarning vakillari hisobiga muntazam kuchaytirib borishimiz lozim, ayniqsa, texnika va texnologiyalar sohasida xorijda ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratishimiz shart. Eng muhimi, bu boradagi ishlar izchil olib borilmoqda.

Universitetimiz tashkil topganining 600 yilligini keng ko‘lamda nishonlash niyatidamiz. Bu boradagi targ‘ibotni kuchaytirish maqsadida shu yil 16-17 iyul kunlari «Samarqand davlat universiteti — Mirzo Ulug‘bek madrasayi oliyasining vorisi» mavzuida xalqaro onlayn ilmiy anjuman o‘tkazamiz. Ta’lim muassasamiz tarixining dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olinishi universitetlar jahon reytingi ro‘yxatida munosib o‘rin egallashiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz.

Nasib etsa, barcha ezgu orzu-intilishlarimizga, albatta, yetishamiz. Zero, bizlarni allomayu fozil ota-bobolarimizning ruhlari, bugun ham tamaddun daryosining ravon oqishiga bor kuch-g‘ayratini, ilmu shijoatini sarf etayotgan insonlar qo‘llab-quvvatlab turibdi. Shoir aytganidek,

Bobolardan meros bu,

Momolar yotgan tuproq.

Madadkoru qo‘llovchi

Ruhlari o‘chmas chiroq.

Allomayu fozillar,

Ulug‘lari bir jahon.

Bu tamaddun daryosi,

Hamon oqmoqda ravon!

Dilshod KARIMOV yozib oldi.

(«Xalq so‘zi» gazetasining 2020 yil 3 iyul, 140-sonidan olindi)