Ikki operatsiya bittada amalga oshadi
Samarqanddagi ixtisoslashgan bolalar xirurgiya markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan xalqaro anjuman jarrohlar uchun yana yangi ko‘nikmalarni shakllantirishga imkon berdi. Osiyo endoskopik va laparoskopik jarrohlar jamiyati tomonidan churralarni zamonaviy usulda davolash bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda Singapur, Hindiston, Malayziya, Yaponiya kabi davlatlardan mutaxassislar kelib tajriba almashdi. Mamlakatimizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni mamlakatlardan ishtirok etgan jarrohlar uchun birinchi kun nazariy ma’lumotlar taqdim etilgan bo‘lsa, ikkinchi kun vorkshop o‘tkazildi. Murakkab operatsiyani ishtirokchilar nafaqat operatsiya xonasi, balki konferens zalda, jonli tarzda onlayn kuzatib borish va savollarga javob topish imkoniga ega bo‘lishdi.
-Mazkur markaz bilan 2017 yildan beri yaqin hamkorlikda ish olib borayapmiz, - deydi Osiyo endoskopik va laparoskopik jarrohlar jamiyatining bosh kotibi, Singapur kaminvazivli jarrohlik markazi direktori Devid Lomanto. – O‘sha yillarda endoskopik jarrohliklar kam qo‘llanilib, asosan oddiy operatsiyalar amalga oshirilar edi. Endilikda bu jarayon mamlakatingizda yildan-yilga murakkablashib, ularning soni ham ko‘payib bormoqda. Bugun biz obdominal churrani zamonaviy usulda, yanayam kam jarohat yetkazadigan tarzda davolash masalalari bo‘yicha tajriba almashdik, shu yerda ushbu operatsiya ko‘rgazmali tarzda amalga oshirildi.
-200 o‘ringa mo‘ljallangan markazimizda bir yilda o‘rtacha besh mingga yaqin jarrohlik amaliyotlari bajariladi, - deydi ixtisoslashgan bolalar xirurgiya markazi bosh shifokori Jamshid Shamsiyev. – Bugungi kunda ularning 35 foizi zamonaviy usullarda (laporoskopik, torakaloskopik, endourologik) amalga oshirilayapti. Chaqaloqlardan tortib, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi markazimizda zamonaviy operatsiyalar amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Bundan yetti yil avval asosan oddiyroq operatsiyalar zamonaviy usulda o‘tkazilgan bo‘lsa, bugunga kelib, o‘pka, jigar exonokkoki, buyrak-tosh kasalliklari va boshqa ko‘plab murakkab kasalliklar shu usulda jarrohlikka tavsiya etilmoqda. Ularni amalga oshirayotgan shifokorlarimiz avvalo doimiy ravishda markazimizda tashkil etilayotgan shu kabi seminarlarda tajriba almashmoqda. Qolaversa, ular har yili muntazam ravishda Yevropa davlatlarida, shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya kabi mamlakatlarida malakasini oshirib kelmoqda.
Seminar ishtirokchilari Yaponiyaning Ogikubo jarrohlik klinikasi departamenti rahbari Noriaki Kameyama, Malayziyaning endoskopik va laparaskopik jarrohlar jamiyati Prezidenti Vimal Kumar va boshqa ko‘plab mutaxassislar bilan tajriba almashdi, yangi bilimlarni o‘zlashtirishdi.
-Mazkur markazda tashkil etilgan xalqaro doiradagi seminarlarda bir necha bor ishtirok etganman, - deydi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filiali laporoskopik jarrohi Ilhom Ataxonov. – Bugungi zamonaviy texnologiyalar rivojlanayotgan kunda jarrohlar doimiy ravishda o‘z ustida izlanishi, yangiliklarni amaliyotga tatbiq etishi muhim ahamiyatga ega. Sababi, zamonaviy usulda bu kabi operatsiyalar tufayli bemorga an’anaviy usuldagi operatsiyadan ko‘ra ancha kam jarohat yetkaziladi, tabiiyki, bu uning tezroq sog‘ayishiga imkon beradi. Shuningdek, u shifoxonada ko‘p muddat davomida o‘rinni band etmaydi. Shu tariqa jamiyat ham, bemor ham bunday amaliyotdan birday foyda ko‘radi. Mana, hozir biz ikki tomonlama churrani bir vaqtning o‘zida davolash bo‘yicha yangiliklarni o‘zlashtirayapmiz. Bu xastalikni an’anaviy usulda operatsiya qilinsa, bir necha oy muddat sarflanishi va ikkita jarrohlik qo‘llanilishi kerak. Zamonaviy usulda esa bir martaning o‘zida xastalik bartarf etilishi ko‘zda tutilgan. Tabiiyki, bunday usul bemorning uzoq vaqt davomida reabilitatsiyaga muhtojlikdan ham ozod etadi.
Anjuman davomida mutaxassislar sohadagi boshqa yangilik va tadqiqotlar natijalari bilan ham tanishdilar, kelgusidagi hamkorlik davomiyligi yuzasidan fikrlashdilar.
Gulruh MO‘MINOVA.