Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dorodan Qutaybagacha, Chingizdan Abramovga qadar qancha fotihlar Samarqandni yakson etmoq qasdida bo‘ldi. Ammo bu latif shahar hanuz barhayot

Azaldan insoniyat tamadduni, jamiyat taraqqiyotida shaharlar hamisha alohida o‘rin tutgani yaxshi ma’lum. Shu paytga qadar yer yuzida qanchadan-qancha shaharlar vujudga kelgani, ularning qanchasi tarixning suronli voqealari, turli tabiiy ofatlar natijasida yo‘q bo‘lib ketgani ham ayon haqiqat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizda 50 mingdan ortiq shahar mavjud. Biroq ular orasida 2 ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lganlari barmoq bilan sanarli. Shu bois ham ona diyorimizda tarixi ming yillar bilan bo‘ylashadigan shaharlarning ko‘pligi barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Mustaqillik yillarida tarixiy qadriyatlarimizni qayta tiklash, ulug‘ ajdodlarimiz yaratib qoldirgan boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi shaharlarining yubileylari xalqaro miqyosda, 2008 yilda Samarqandning ham 2750 yilligi keng miqyosda nishonlandi.

Qadim Sharqda mashhur bo‘lgan “Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast” misrasi o‘tgan asrlarda qanchalik buyuk va haqqoniy mazmun kasb etgan bo‘lsa, bu haqiqat, bugun ham, ertaga ham o‘z mohiyatini yo‘qotmasligi muqarrar.

Buyuk mutafakkir shoir, Nazm mulkining sultoni Alisher Navoiydek buyuk zotlarning kamol topishida Samarqand beqiyos o‘rin tutgan edi. Shu bois ul zot “Saddi Iskandariy” dostonida Samarqandi “firdavsmonand”, deya ta’riflagan, “Majolisun-nafois” tazkirasida o‘nlab samarqandlik shoirlar ijodiga munosib baho berilgan. Mirzo Bobur “Boburnoma”da unga “Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahar kamrakdur”, deya baho bergan.  Ulug‘ ajdodlarimizning bunday e’tiroflari bejiz emas, albatta. Ishonchli tarixiy manbalar, uzoq yillardan beri olib borilayotgan tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar, asrlar bo‘yi tildan-tilga o‘tib kelayotgan rivoyatlar ham Samarqandning naqadar qadimiy, uzoq o‘tmishga ega ekanini isbotlaydi.

Tarixchi olimlarning shahodat berishicha, Samarqand haqidagi dastlabki ma’lumotlar Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak yodgorligi - “Avesto”da uchraydi. Unda Zarafshon vohasi “Sug‘ud” va “Sug‘uda Gava” nomlari bilan tilga olinadi. Mutaxassislarning fikricha, “Sug‘uda Gava” tushunchasi vohaning aholi dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan qismiga, “Sug‘ud” atamasi uning poytaxtiga nisbatan ishlatilgan.

Bu shahar ilk bor yunon tarixchisi Arrian solnomalarida “Marakanda” nomi bilan atalgan. Milodiy 340-345 yillarda bitilgan “Iskandar safarnomasi” kitobida shahar Sug‘diyonaning poytaxti Marakunda tarzida zikr etilgan.

Samarqand nomi ko‘pgina tarixiy manbalarda “Semizkent” shaklida ham uchraydi. Buyuk allomalarimiz Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Koshg‘ariy asarlarida yozilishicha, bu so‘z qadimgi turkiy tilda boy, hosildor, serunum  shahar ma’nosini anglatadi. Bu fikr bir qator xitoy, arman tarixchilarining asarlarida, Amir Temur davrida Samarqandga tashrif buyurgan ispan sayyohi Don Ryui Gonzales de Klavixo kundaliklarida, shuningdek, "Boburnoma"da ham ifoda etilgan.

Samarqand o‘z tarixi davomida ne-ne hukmdorlarni, xon va amirlarni ko‘rmadi. Eron shohi Dorodan to Arab sarkardasi Qutaybaga qadar, Qonxo‘r Chingizdan to general Abramovgacha bo‘lgan qanchadan-qancha fotih va sarkardalar bu azim shaharni yer bilan yakson etmoq qasdida suron solib kelgan edi. Tarixning donishmandligini ko‘ringki, ularning o‘zi allaqachonlar tuproqqa qorildi. Samarqand esa hanuz barhayot, hamon navqiron. Shaharni mahv etishga chog‘langan kaslardan nishona qolmadi. Ammo Samarqand asrlar, ming yillar osha yashab kelayotir.

Mo‘g‘ul istilosidan so‘ng Samarqandning qaytadan qad rostlashiga, tom ma’noda Sharqning eng benazir kentiga aylanishida bobokalonimiz Amir Temurning buyuk hissasini e’tirof etmoq joiz. Zero, Samarqand va Amir Temur nomlari hamisha xalqimizning iftixori, cheksiz faxru g‘urur timsoli bo‘la oladi.

Sohibqiron Amir Temur davrida bu shaharda keng miqyosda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Samarqand nafaqat buyuk saltanatning poytaxti, balki chin ma’noda yer yuzining sayqaliga, ilm-fan, san’at va madaniyat markaziga aylandi, rivojlandi. Temur va Temuriylar hukmronligi paytida bu yerda Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi va boshqa o‘nlab bebaho tarixiy yodgorliklar, madrasa va karvonsaroylar, hammom va ko‘priklar qad rostladi. Go‘zal bog‘-rog‘lar yaratildi.

Keyingi yillarda  shahar yanada ko‘rkam, go‘zal va betakror qiyofa kasb etib bormoqda. Har yili ko‘plab zamonaviy inshootlar barpo etilmoqda. Ajdodlarimiz yaratib qoldirgan bebaho obidalar qayta ta’mirlanmoqda.

Joriy yilda Samarqanddagi eng go‘zal obidalardan biri Mirzo Ulug‘bek madrasasi tashkil etilganiga 600 yil to‘ladi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, 1420 yil 20 sentyabrda Movarounnahr hukmdori, shoh va alloma Mirzo Ulug‘bek tashabbusi bilan qurilgan madrasai oliyada ilk bor talabalarga saboq berila boshlangan.

Ta’kidlash joizki, Samaqandda oliy ta’lim tizimi undan ancha avvalroq, milodiy X asrlardayoq boshlangan. Biroq temuriylar davrida, xususan, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi ostida bu tizim yanada takomillashdi. Samarqanddan tashqari, Buxoro va G‘ijduvon shaharlarida ham madrasalar bunyod etildi. 1436 yilda Ko‘hak tepaligi yaqinida rasadxona bunyod etildi. Bu ilmiy maskan o‘z davridagi eng yirik observatoriyalardan biri hisoblangan:

Mir Alisher Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida bu tarixiy obida haqida shunday yozadi:

Rasadkim, bog‘lamish zebi jahondur,

Jahon ichra yana bir osmondur…

Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasalar va ilmiy maskanlar uzoq yillar davomida Sharqning eng mo‘’tabar dargohlari qatoridan joy olib keldi.

Ba’zilar yurtimizdagi oliy ta’lim tizimini bevosita sobiq sovet hukumati siyosati bilan bog‘lashadi. Samarqandda zamonaviy ko‘rinishdagi ta’lim maskani – Samarqand davlat universitetining tamal toshi 1927 yilning 3 yanvarida qo‘yilgan, degan fikr hukmronlik qilib keldi.

Aslida bu shaharda oliy ta’lim tizimi asrlar davomida mavjud bo‘lib. Tobora sayqal topib kelgan. Bu haqda tarixiy manbalardan istagancha misol keltirish mumkin.

Yevropaning bir qator oliy o‘quv yurtlari o‘zining tarixiy asosi bilan faxrlanib keladi. Jumladan, Parij (Sorbonna), Praga, Saragosa, Rim, Oksford universitetilari ham dastlab diniy ta’lim berishga yo‘naltirilgan kichik ta’lim maskanlari hisoblangan va yillar davomida takomillashib borgan.

Sharqda, xususan, Samarqand madrasalarida o‘rta asrlardan boshlab din va dunyoviy fanlar teng o‘rgatib borilgan.

Ayni paytda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2020 yil 26 iyundagi qaroriga muvofiq, Samarqand davlat universitetining Mirzo Ulug‘bek madrasasi vorisi sifatida 600 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda. Mazkur yubiley doirasida xalqaro ilmiy anjuman, qator festivallar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘rin olgan.

O‘ylaymizki, ushbu keng ko‘lamli tadbir yurtimizdagi eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri – Samarqand davlat universitetining tarixiy maqomini tiklashda muhim qadam bo‘ladi.

Aftondil ERKINOV,
filologiya fanlari doktori.
Rustam JABBOROV,
SamDU tadqiqotchisi.