Samarqand shahrining qaysi ko‘chalarida yerosti yo‘laklari - tonnellar qurilishi ma’lum bo‘ldi

Samarqandda yerosti yo‘lagi nega ko‘mib tashlangan edi? Chunki biz undan foydalanish tartibiga rioya qilmadik. Shaharning qoq markazida bo‘lsa-da, uni kecha-yu kunduz yoritish, ichiga suv sizib kirishining oldini olish choralarini ko‘rmadik. Hech bo‘lmaganda chiqindi tashlaydigan ikki-uchta quti qo‘yilmadi. Oqibatda… uni mahkamlab tashlashni ma’qul ko‘rdik.

Vaholanki, butun dunyo yerosti yo‘laklaridan unumli foydalanmoqda. Hatto yerosti avtomobillari to‘xtash joylari, hojatxonalar qurilayotir. Transport harakati tig‘izlashgan paytda biz ko‘chalar torligidan nolib yuribmiz.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Sammiti o‘tishi munosabati bilan bu masala yana kun tartibiga chiqdi. Ushbu nufuzli tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish doirasida Samarqand shahrida keyingi uch yilda 4 ta yerosti yo‘laklari qurilishi belgilandi.

Batafsil aytadigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi «Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda barpo etiladigan tonnel va ko‘priklar, shuningdek, quriladigan, ta’mirlanadigan va rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘llarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Natijada uch yil ichida loyiha qiymati 272 milliard so‘m, umumiy uzunligi 190 metr bo‘lgan Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishuvida (53 metr), Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari kesishuvida (47 metr), Dahbed va Ibn Sino ko‘chalari kesishuvi (50 metr) hamda Rudakiy va Gagarin ko‘chalarining chorrahalarida (40 metr) yerosti yo‘laklari - tonnellar quriladi.

Qurilish ishlari respublika byudjeti hamda "Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi" mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.