Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

15 fevral – sobiq sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilgan kun: Bitmas jarohat

Afg‘oniston jarohati... Bu mamlakatda ommaviy qirg‘in boshlanganiga 42 yil, sovet qo‘shinlarining Afg‘oniston tuprog‘idan olib chiqib ketilganiga 31 yil to‘lyapti. Lekin hali ham bu jarohat bitgan emas, bir umr bitmasa ham kerak. Sobiq SSSRning ayrim kaltafahm siyosatdonlari Sovet qo‘shinlarini Afg‘oniston tuprog‘iga kiritishdan nimaga erishganini hanuz hech kim aniq bilmadi.

Ammo ular yuz minglab kishilarning qarg‘ishlariga uchragani tayin. General va zobitlarni bilmadigu, endigina 18-20 yoshga to‘lar-to‘lmas kim uchun va nima maqsadda urushga kirganini bilmay o‘qqa uchgan yigitlar bu yorug‘ dunyoga kelib nimani ko‘rdi? Qon, bosqinchilik, xunrezlik, ko‘z yoshlar... Temir tobutlarni esa qon qaqshagan qarindoshlari qabul qilib oldi. Ularning ayrimlari tobutda nima borligini ham bilishmay aza ochdi. Odamzod uchun bundan-da og‘ir ko‘rgiliklar bo‘lishi mumkinmi? Bir umr tanasini ko‘rmay ko‘milgan o‘g‘il yoki yaqin qarindosh uchun g‘am tortishning o‘zi bo‘ladimi?

Bugunga kelib afg‘on urushidan ayrim mansabdorlar, general va zobitlardan boshqa hech kim manfaat ko‘rmagani baralla aytilyapti. Ularning ko‘pchiligi ko‘ksiga navbatdagi yulduzlarni taqdi, mansab pillapoyalaridan yuqoriladi, hatto durustgina daromad ham qildi. Sovet askarlari safida jang qilib, payt poylab afg‘on jangarilariga qurol-yarog‘ sotgan, ulardan bir amallab undirgan giyohvandlik moddalarini SSSRning turli mintaqalariga yashirin jo‘natganlar haqida ko‘p bor eshitganmiz.

“...Afg‘on partizanlari urushni birinchi jahon urushi davridan qolgan eski ingliz miltiqlari bilan boshlagan edi, - deb yozadi rus adibi Ivan Bunich o‘zining “Partiyaning oltinlari” kitobida. - Endilikda ularning ixtiyorida og‘ir artelleriya, yirik kalibrli pulemyotlar paydo bo‘ldi. Har bir afg‘on partizanining qo‘lida Kalashnikov avtomati bor edi. Hamma qurollar Sovet ittifoqida ishlab chiqarilgandi. Bunaqa ko‘p miqdordagi qurol-aslahani janglarda o‘lja olish mumkin emasdi. Uni faqat sotib olish mumkin. Askarlar har bitta o‘qni ayab eslari ketardi. Holbuki, bu o‘qlar millionlab miqdorda dushmanga sotilardi...”.

Gazetxon gap nima haqda borayotganini yaxshi anglab yetgan bo‘lsa kerak. O‘sha paytda sobiq sovet xavfsizlik xizmati xodimlari yuqorida nomlari tilga olingan elchilarning biri nomiga Arab mamlakatlarining birida naqd 13 kilogramm sof oltin yuborilganini fosh qilgan edi.

“Pravda” gazetasining (1993 yil, 16 fevral) yozishicha, sobiq SSSRdan Afg‘oniston urushida 40-armiyaning 546 ming 255 nafar harbiy xizmatchisi ishtirok etgan. Urushda 13 ming 833 nafar zobit va askarlar halok bo‘lgan, 49 ming 985 nafari yaralangan, 330 nafari bedarak yo‘qolgan. Gazeta faqatgina jon yo‘qotish haqida yozgan, xolos. O‘sha paytda SSSR Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Sovet Ittifoqi Marshali Sergey Axromeyev (“Vokrug Kremlya”, “Novosti” nashriyoti, 1990 yil)ning yozishicha, yo‘qotishlar 15 ming kishi atrofida bo‘lgan. 9 yil mobaynida faqatgina SSSR harbiylari emas, balki Afg‘oniston armiyasi ham yonilg‘i, qurol va oziq-ovqatlar bilan ta’minlanib turilgan. Mamlakat aholisining ijtimoiy turmushi, iqtisodiyotini mustahkamlash uchun sarflanishi kerak bo‘lgan behisob mablag‘lar bemaqsad ko‘kka sovurildi. Xalq mehnati evaziga yaratilgan 10 minglab texnikalar, mashinalar bilan birga yondirib yuborilgan tonna-tonna yonilg‘ilarning hisobini ham hech kim aniq aytib berolmasa kerak. “Viloyatimizdan bu maqsadsiz urushda 8 ming kishi ishtirok etgan. Ularning 164 nafari halok bo‘lgan, 2 nafari bedarak yo‘qolgan. 450 nafari bir umr nogiron bo‘lib qolgan” (“Zarafshon” gazetasi, 1998 yil 14 fevral). 

Allohga shukr, ko‘pchiligimiz Afg‘onistondaga qonli janglarda qatnashmaganmiz. Qobul, Jalolobod, Qunduz, Qandahor kabi yirik qadimiy shaharlarning qip-qizil qonga bo‘yalganini ko‘rmaganmiz. Farzandlarimizning, aka-ukalarimizning bu jahannam qa’ridan eson-omon qaytishini kutib, Xudoga zorlanganmiz, xolos.

Afg‘oniston va uning jarohati haqida bu kichik maqolada har bir voqeani mufassal yoritishning imkoni yo‘q, albatta. Lekin shunisi aniqki, bu jarohat hali beri bitmaydi. Ana shu jarohat tufayli hamon onalarning ko‘zlarida yosh, ko‘ngillaridan g‘ubor tarqagan emas. Ular har kuni “Urushning oti o‘chsin!”, “Yurtimizda tinchlik hukm sursin!”, deya uzoqdan–uzoq duoga qo‘l ochishadi.

Izzatilla NORQUVVATOV.