37 sotixli tomorqadan 200 million daromad olish mumkinmi?
Bulung‘ur tumanidagi 39,4 mingga yaqin aholi tasarrufida 3930 gektardan ortiq tomorqa yer maydoni bor.
Joriy yilda ekin maydonlariga asosiy va takroriy, to‘qsonbosti usulida poliz-sabzavot, kartoshka, dukkakli va boshqa ekinlar ekilgan. Qulay joylashuv, unumdor yer tomorqadan ham yuqori daromad olishda qo‘l kelishini tumanga uyushtirilgan press-turda guvoh bo‘ldik.
Ko‘chatni “tangaga sotib” boy bo‘lish mumkinmi?
Dastlabki manzilimiz tumanning Zarafshon mahallasi bo‘ldi. Qaysi xonadonga kirmaylik, odamlar tomorqasida piyoz, pomidor, bulg‘or qalampiri ko‘chati yetishtirayotganini ko‘rdik. Ko‘chatning ortidan yaxshigina daromad ham olishadi. Bir safar boshqa hududda yashovchi kambag‘al oilaga tomorqasida ko‘chat yetishtirib sotib daromad olishni taklif qilganimda ko‘chatni arzonligiga ishora qilib “Ko‘chatni tangaga sotib, katta daromad qilish mumkinmi?” degandi. Qish paytida kamxarajat issiqxona qurib ko‘chat ekish orqali bahorda yaxshigina daromad olish mumkin ekan. Mahalladagi Fayzulla Hotamov xonadonida bo‘lganimizda buning guvohi bo‘ldik. 66 yoshli otaxon 6 sotix ekin maydonida 100 ga yaqin mevadan tashqari har yili fevral oyida 4 sotixli issiqxonada piyoz ekadi, may oyida 50-60 sotix yerga yetadigan ko‘chat chiqaradi. Piyoz ko‘chatni sotishdan bugungi narxda 17 million so‘m, 60 metrli ikkinchi issiqxonadagi bulg‘or qalampiri ko‘chatidan 9 million so‘m daromad oladi. Ko‘chatdan bo‘shagan maydonga bulg‘or qalampiri ekib, tumandagi “Bulung‘ur Sandvik” MChJga shartnoma asosida sotadi. Sentyabrda esa ekindan bo‘shagan yerga sarimsoqpiyoz ekib, mart oyida ko‘kat holida sotadi.
- Mevalarni hosilini o‘zimiz iste’mol qilganimiz, bozorga sotganimizdan tashqari 6 sotix yerdan yilda o‘rtacha 35 million so‘mdan ortiq daromad qilamiz, - deydi F.Hotamov. – O‘tgan oyda mahallamizdagi hokim yordamchisi chorva va parranda uchun imtiyozli kredit berilayotganini aytib qoldi. 18 oy imtiyozli davr bilan to‘rt yilga 27 million so‘m kredit olib 17 million so‘miga “Zarafshon Lomann parranda” korxonasidan 160 bosh parranda, bir oylik ozuqasi va qafaslarini oldik. Qolgan pulga ikki bosh chorva moli oldik. Tovuqlar o‘n kun o‘tib tuxum bera boshladi. Hozir kuniga 145-150 tagacha tuxum olamiz. Tuxumni tuman tibbiyot birlashmasi bilan shartnoma tuzib, donasini 1000 so‘mdan topshiryapmiz. Chorvadan kuniga 6 litr sut olib, ehtiyojdan ortganini sotyapmiz. Oddiy qilib aytganda, uydan chiqmasdan kuniga 200 ming so‘mgacha daromad olyapmiz.
Uning qo‘shnisi Bahodir Tojiboyev kredit hisobidan 160 bosh parranda va 1,5 sotixli issiqxona qurgan. Yetishtirilgan tuxumni korxonaning o‘ziga sotadi. Yil boshidan buyon mahalladagi "daftar"larda turuvchi, ishsiz fuqarolarning 13 nafariga imtiyozli shartlarda kredit ajratilib, bandligi ta’minlangan va daromad manbai yaratilgan.
Tomorqadan 150 million so‘m daromad...
Tumannning Gulobod mahallasida istiqomat qiluvchi Abduxoliq Isoqov tasarrufida jami 37 sotix tomorqa maydoni bor. Xonadondagi 200 tupga yaqin mevali daraxt, uzum va ekinlar parvarishi bilan barcha oila a’zolari shug‘ullanadi va shu mehnati ortidan yaxshigina daromad olishadi. Oddiy hisoblaydigan bo‘lsak, 6 sotixdagi bulg‘or qalampiridan 35 million so‘m, 3 sotixdagi kartoshkadan 2 tonna hosil va 20 million so‘m, bulg‘or qalampiri ko‘chatidan 10 million so‘m olinadi, sentyabrda bo‘shagan yerga ismaloq va sarimsoqpiyoz ekiladi. Oila a’zolari tomorqadan yiliga 150 million so‘m daromadga ega bo‘larkan. Shu daromad hisobidan tomorqaning to‘rt tomonidan to‘rt o‘g‘liga uy qurgan oila 33 million so‘m kredit olib, 200 bosh parranda va 8 bosh qo‘y xarid qilibdi. Kuniga 160 tadan ortiq tuxum arzon narxda bozorga chiqarilib, ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Tomorqa, chorva va parrandaning foydasini qo‘shsak, oilaning daromadi 200 million so‘mdan ham ortadi.
- Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, yil yakuni bilan tumanimizda 163,2 ming tonna mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Ibragimov. – Yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash bo‘yicha 5 ta korxona bilan shartnomalar tuzilgan. Shuningdek, yil davomida tuman bo‘yicha uch marta hosil olishga imkon beradigan 1042 ta ixcham issiqxona tashkil etib, qo‘shimcha 2813 tonna hosil olishga erishiladi. Tumandagi 55 ta mahalladan "daftar"larga kiritilgan xonadonlar o‘rganilib, 275 ta xonadonga chorva mollari, qo‘y, bedana, parranda boqish orqali ularni ish bilan ta’minlash, daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyati yaratildi.
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida tumandagi 51 ta mahallani ixtisoslashtirish (9 ta sabzavotchilik, 19 ta kartoshkachilik, 19 ta meva-sabzavotchilik, 4 ta chorvachilik) bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Aholi tomorqalarida ixcham issiqxonalarda mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali tumanning Sarqipchoq va Gulzor mahallalari tajribasi barcha hududlarga keng joriy qilinmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.