Samarqandda 10 oyda 280 nafar qidiruvdagi jinoyatchi qo‘lga olindi

2019 yilning 10 oyi davomida olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida Samarqand viloyati bo‘yicha jami 1011 nafar qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilardan 280 nafari qo‘lga olindi. Hozirda yana 726 nafar shaxsni qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Samarqand viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasining bizga bergan ma’lumotiga qaraganda o‘tgan yilning shu davrida 1340 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxslardan 461 nafari hibsga olingan.
- Qidiruvdagi shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan olib borilgan suhbat va tushuntirish ishlari natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlariga 57 nafar qidiruvdagi shaxslar o‘z ixtiyori bilan keldi, - deydi viloyat IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari polkovnik Farhod Hasanov. - 2018 yilning 10 oyi davomida jami 156 nafar shaxslarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, joriy yilning shu davrida 93 nafar shaxslarga nisbatan qidiruv e’lon qilindi. Bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 63 taga kam deganidir.

Samarqand viloyati IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan MDH davlatlarida Rossiya Federatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 726 nafar qidiruvdagi shaxslardan 89 nafari ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi va Rossiyaning vaqtincha ushlab turish izolyatoriga joylashtirildi. Hozirda ularning O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish bilan bog‘liq hujjatlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasida 28, Qozog‘istonda 6, Armanistonda 1 kishi, shuningdek, 2019 yilda boshqa davlatlarda yashirinib yurgan 52 nafar qidiruvdagi shaxslar aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.

O‘zA.