Bilyard ustalari Samarqandda jam bo‘ldi

Samarqand shahrida Yangi yil munosabati bilan bilyard bo‘yicha xalqaro ochiq chempionat o‘tkazildi.

“IRBIS-S” bilyard klubi hamda bilyard sporti federatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan turnirda mamlakatimiz va Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalaridan 64 nafardan ortiq sportchi qatnashdi.

Mukofot jamg‘armasi 65 million so‘mni tashkil etgan ochiq chempionat uch kun davom etdi va unda mahoratli bilyardchilar qizg‘in bahslar olib bordi. Dastlab ishtirokchilar orasidan eng kuchli 8 nafar sportchi aniqlandi va ular sovrinli o‘rinlar uchun bellashdi.

Mamlakatimiz vakili, surxondaryolik Bahrom Ro‘ziyev finalda qirg‘izistonlik sportchi bilan bellashib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va 20 million 500 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Kumush medal egasiga esa 10 million 200 ming so‘m pul mukofoti berildi.

Vakillarimizdan – farg‘onalik Nodir Mirzayev va Toshkent viloyatidan kelgan Ahror Xatanov bronza medallari va 2 million 400 ming so‘mdan pul mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

5-8-o‘rinlarni egallagan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston sportchilariga 2 million 400 ming so‘mdan pul mukofotlari topshirildi.