Kambag‘allik kamayib, ishsizlik pasayadi

Bu vazifa keyingi yillarda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Va e’tiborlisi, unga ilmiy asosda va xalqaro tajribaga tayanib e’tibor qaratilmoqda.

Kambag‘allikka tushish sabablari har xil ekani, yechimi ham alohida-alohida bo‘lishi kerak, degan munosabat bunga yaqqol misol bo‘ladi. Albatta, ko‘rilayotgan choralar o‘zi yo‘liga, erishilayotgan natija qanday bo‘lyapti? Viloyatda bu boradagi ahvol qanday?

Oylik o‘rtacha 4,5-5 million so‘m

- Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida ishsiz aholini daromadli qilish va kambag‘allikni qisqartirish masalasi turibdi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari kotibiyati mudiri Rivojiddin Mahqulov. - Shunga ko‘ra, yaratilgan imkoniyatlar va ajratilgan moliyaviy resurslardan unumli foydalanib, o‘tgan 10 oyda viloyatimizda 42,5 mingta yoki rejaga nisbatan 113 foiz mikroloyiha tashkil etilib, buning natijasida 87 mingta, qiymati 954 million dollarlik 770 ta yangi loyihani ishga tushirish hisobiga 20,1 mingta, tijorat banklari tomonidan aholini doimiy ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish yo‘nalishida 129 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 66,5 ming, qurilish yo‘nalishida 12,1 ming kishi daromadli qilindi.

Ushbu sohalarga jami 8,1 trillion so‘m kreditlar ajratildi. Buning natijasida yanvar-oktyabr oylarida 315 ming nafar yoki rejaga nisbatan 116 foiz aholi bandligi ta’minlandi.

Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Mundiyon mahallasida “Boyraz tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 13 milliard so‘mlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, yon-atrofdagi mahallalarning 100 nafar ishsiz xotin-qizlari bandligi ta’minlandi. Korxona yana 100 nafardan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash quvvatiga ega.

Bundan tashqari, Nurobodda "Cemix" mas’uliyati cheklangan jamiyatining qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi doirasida 250 ta ish o‘rni yaratildi. Bandligi ta’minlangan fuqarolarning o‘rtacha oyligi 4,5-5 million so‘mni tashkil etmoqda.

Ishsizlik yana 1 foizga qisqaradi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakuniga qadar yana 21 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, viloyatda ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan 4,5 foizga qisqartiriladi.

Olib borilgan tizimli ishlar natijasida bugungi kunda mahallalarning 325 tasi ishsizlikdan xoli, 615 tasi jinoyatchilikdan va 415 tasi oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirilgan.

Mutasaddilarning qayd etishicha, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi orqali yangicha tizim va barcha moliyaviy instrumentlar yaratib berilgan. O‘tgan 10 oy davomida ushbu imkoniyatlardan foydalanib tuzilgan individual rejalar asosida viloyat bo‘yicha 43,3 mingta oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 66 mingta barqaror bandlik xizmatlari hamda 70,7 mingta boshqa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Natijada 1 noyabr holatiga 36,8 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasini yil boshidagi 7,5 foizdan 4,9 foizga tushirishga erishilgan.

Barcha choralarni ko‘rish orqali yil yakuniga kambag‘allik darajasini viloyatda 4 foizga tushirish rejalashtirilmoqda.

Bandlik faqat raqam emas...

Odamlarni daromadli qilish kerak ekan, deb ko‘r-ko‘rona chora-tadbirlarni amalga oshirish yaramaydi. Qilinayotgan sa’y-harakatlar bandlikni ta’minlashdan tashqari aniq natijalar ham keltirishi zarur.

Viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga birgina misol keltirsak – Ishtixon tumanidagi " Ishtihan yimin import export group" mas’uliyati cheklangan jamiyati 2024 yildan eksport faoliyatini boshlagan. Bugungacha 2,7 million dollarlik, shundan 1,8 million dollarlik mayiz mahsulotlarini Xitoyga eksport qilgan.

Korxona ta’sischisi Jao YuU (Zhao Yue) bilan suhbatda undan faoliyatini kengaytirish, ya’ni eksport faoliyatini 2-3 barobarga oshirish uchun nima ko‘mak zarurligi so‘ralganda, bu borada barcha imkoniyatlari mavjudligi, qancha mayiz bo‘lsa shuncha eksport qilish imkoniyati borligini bildirgan.

Shunga ko‘ra, endi tumandagi uzumchilikka ixtisoslashgan 22 ta mahalladagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan mayiz mahsulotlarini bozor narxidan kam bo‘lmagan qiymatda mazkur korxonaga yetkazib berish bo‘yicha alohida tizim yaratilyapti.

Natijada 22 ta mahalladagi mingdan ziyod oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi barobarida korxona eksport hajmi 10-15 million dollarga ko‘payadi. Eng muhimi, ushbu mahallalar ishsizlikdan va kambag‘allikdan xoli hududga aylanadi.

Ixtisoslashgan mahallalar

Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishda, avvalambor, mahallalarning ixtisoslashuviga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yil boshida 30 foiz yoki 324 ta mahalla ixtisoslashuvi past bo‘lgan, 400 tasi ixtisoslashgan, 357 tasi chuqur ixtisoslashgan mahallalarni tashkil etgan.

Mahallabay ish olib borilishi natijasida chuqur ixtisoslashgan mahallalar 497 ta bo‘lishiga erishildi. Misol uchun, Bulung‘urdagi Kildon, Sayiltepa va Kichik Kildon mahallalaridagi 2310 ta xonadonning 324 gektar tomorqa va 37 gektar ijaraga berilgan yerlarida nok yetishtirilmoqda. Kildon mahallasida “Saidmurod Begali bog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Fayzullayev tashabbusi bilan mahallaning nokka ixtisoslashuvi 87 foizga yetdi.

Ushbu mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga qulay muhit yaratish maqsadida davlat byudjetidan 1,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 2 kilometr yo‘l asfaltlashtirilgan va transformator o‘rnatilgan.

“Saidmurod Begali bog‘i” fermer xo‘jaligining 2 ta 100 tonnalik muzlatkichli omborxonasiga davlat tomonidan 50 kVtli quyosh paneli o‘rnatib berildi.

 

Narpay tajribasi yoki yordam maqsadli bo‘ladi

Kelgusi yildan dasturlar doirasida ajratilayotgan moliyaviy instrumentlar - ssuda, kredit mahallalarning ixtisoslashuviga qarab, sohalarga yo‘naltirishni yo‘lga qo‘yish kerak, degan taklif berilyapti.

Chunki amaldagi tartibga ko‘ra, dasturlar doirasida (“Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash”, Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla loyihasi”) berilayotgan kreditlar mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib emas, balki asosan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning talabi asosida turli maqsadlarga ajratib kelinmoqda. Buning natijasida ajratilgan kreditlarning samaradorligi past bo‘lib, ko‘p hollarda qaytarilishi muammoga aylanmoqda.

Misol uchun, Narpaydagi O‘zbekiston mahallasiga qarashli Duoba qishlog‘ida 241 ta xonadonning barchasi karam (qizil karam, aysberg, brokolli) ekadi. Bugungi kunda ushbu mahallada dasturlar doirasida berilgan kreditlar bo‘yicha umuman qarzdorlik yo‘q.

Xuddi shunday ixtisoslashuvi past bo‘lgan Sohibkor mahallasida 109 nafar ishsiz, 121 ta kambag‘al oila bo‘lib, muammoli kreditlar hajmi 577 million so‘m yoki jami ajratilgan kreditlarning 30 foizini tashkil qiladi.

“Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili aholi uchun ham katta qulaylik yaratib, yetishtirilgan mahsulotlar kafolatlangan tarzda lider tadbirkorlar tomonidan erkin bozor narxlarida sotib olinyapti.

Tumanda qaysi qishloq aholisi birlashib, bitta mahsulotni ekib, tomorqasidan samarali foydalanayotgan bo‘lsa, o‘sha qishloqning zarur infratuzilmasi yaratib berilmoqda. Jumladan, Duoba qishlog‘i aholisi ham birlashib tomorqasidan samarali foydalanib, to‘liq bir mahsulot - karam ekkani uchun ko‘chasi asfaltlanib, tungi chiroqlar o‘rnatib berildi.

Ushbu tajribani kelgusida boshqa hududlarda ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti.

Rejalar katta, maqsadlar ulkan...

Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida kelgusi yil uchun ham aniq vazifa va rejalar belgilab olinyapti.

Ma’lumot uchun, 2026 yil 1 yanvar holatiga viloyatda ishsizlar soni 80 mingtani tashkil etishi prognoz qilinib, yil davomida 104,5 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash rejalashtirilyapti.

Shuningdek, 10,3 ming nafar fuqaro shartnoma va vaucher tizimi asosida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar hamda xorijiy tillarga va tadbirkorlik kurslariga o‘qitiladi. Vaucher asosida o‘qigan fuqarolarning o‘qitish xarajatlari qoplab beriladi. Bunda viloyatning olis hududlaridagi ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar hamda kambag‘al oilalar a’zolarini zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitish imkoniyati yaratiladi.

Qiymati 1 trillion 404,5 milliard so‘m bo‘lgan 42,6 ming mikroloyihani ishga tushirish hisobiga 85,1 ming nafar aholi bandligi ta’minlash rejalashtirilgan.

Mahallalarga yetakchi tadbirkor va usta-dehqonlarni biriktirish va mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib yuqori daromadli ekin turlari joylashtiriladi. Natijada 250 mingdan ortiq xonadon tomorqalarida yiliga 2-3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi.

Albatta, rejalar faqat shundan iborat emas. Muhimi, ularni amalga oshirish, shu orqali kambag‘allikni kamaytirish va ishsizlikni pasaytirish uchun hafsala ham, eng muhimi, imkoniyat va sharoit ham yetarli.

Yoqubjon Marqayev.