Yolg‘on yarmarkadan kimga naf?

Har yili bayramlar arafasida viloyatdagi, xususan, Samarqand shahridagi bozorlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etiladi.

Bu aholiga bayram kayfiyati ulashish, narx barqarorligini ta’minlash, shahar aholisi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini arzon narxda xarid qilishi uchun imkoniyat yaratadi.

Joriy yilning 9 dekabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan hokimlik soatida 2025 yil 15 dekabrdan 2026 yil 15 yanvargacha shahar va tumanlarning markazlarida ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari savdo qiluvchi yarmarkalar o‘tkazilishi belgilangan. Unga ko‘ra, har bir bozorda tashkil etiladigan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasida 33 turdagi mahsulotlar bo‘lishi belgilangan. Ammo bugun Samarqand shahridagi “Siyob dehqon borzori”ga borganimizda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga ko‘zimiz tushmadi.

-  Bizga Urgut, Jomboy, Bulung‘ur va Samarqand tumanlaridan fermerlar mahsulot keltirishi belgilangan, ammo shu kungacha ular kelmadi, - deydi bozor xodimi A.Hasanov. – Biriktirilgan tumanlardan fermerlar kelmaganligi haqida ogohlantirish xati ham chiqardik. Bozor ma’muriyati fermerlar uchun 24 ta joy ajratgan, agar yetmasa yana joylar ajratishga ham tayyormiz. Hozirda bozorda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tashkil qilingan yarmarka ishlab turibdi va bu yerda Pokiston, Belarus davlatlaridan keltirilgan muzlatilgan qoramol go‘shtining kilogrami 75-78 ming so‘mdan sotilmoqda. Shuningdek, yog‘, shakar, guruch, un va boshqa mahsulotlar ham bor.

Aytilayotgan “yarmarka”dagi ayrim mahsulotlarning narxlari bozordagi yoki do‘konlardagi narxdan deyarli farq qilmaydi. Shunday ekan bu yarmarkalar, xo‘jako‘rsin hisobotlar kim uchun, qachongacha fermerni majburlab, odamlar uchun yolg‘on yarmarkalar tashkil etamiz?

Viloyatdagi boshqa bozorlarda tashkil etilgan yarmarkalar haqida ma’lumot olish uchun viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasiga qilgan murojaatimiz esa hamon javobsiz.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Fazliddin RO‘ZIBOYeV (surat).