Paxtachida "Paxtachi" gazetasining 90 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi
Bugun axborotni soniyalar ichida ulashadigan telegram, sayt, feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlar o‘zaro raqobatlashayotgan bir paytda gazetada ishlash matonat. Bugun ilk soni chiqqaniga 90 yil bo‘lgan “Paxtachi” gazetasida qalam tebratayotgan muxbir-u jurnalistlar ana shunday matonat sohiblaridir.
Negaki, ushbu tahririyat a’zolari – muharrirdan tortib musahhihgacha bugun yangicha talqin va dizayndagi aniq faktlar bilan yo‘g‘rilgan, tahliliy, dolzarb maqolalari bilan nafaqat obunachilar ko‘nglidan joy olgan, balki mamlakatimiz bosma ommaviy axborot vositalari orasida ham o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.
Shu kabi e’tiroflar bugun O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu gazetaning 90 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ko‘p bor takrorlandi. Tadbirda Jurnalistlar uyushmasi a’zolari, viloyatimizning tuman va shaharlarida chop etilayotgan gazetalar muharrirlari, qo‘shni Navoiy viloyatining "Do‘stlik bayrog‘i" gazetasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi a’zolari, “Paxtachi” gazetasida ishlagan faxriylar hamda tuman faollari ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilari dastlab tumandagi Dabusiya ziyoratgohida bo‘lishdi. So‘nga tuman tibbiyot birlashmasida shifokor va bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Paxtachi tumani tarixi muzeyiga sayohat hamda tahririyatga qilingan tashrif barchada iliq taassurot qoldirdi.
- Gazetamiz 1935 yilda “Uchqun” nomi bilan chop qilina boshlagan, - deydi gazeta muharriri Sanjar Qurbonov. - Gazetaga dastlab Paxtakor rayon partiya komitetining birinchi kotibi A.Shirinxo‘jayevning o‘zi muharrirlik qilgan. Keyingi yillarda N.Tolipov, X.Mullajonova, S.Xo‘jayev, O.Junaidov, Q.Mizomov, A.Eshmurodov, I.Ibrohimov muharrirlik faoliyatlarini olib borgan.

1963 yilda Paxtakor va Narpay rayonlari qo‘shilishi munosabati bilan gazeta “Paxtakor ovozi” nomi bilan chop etila boshladi. 1973 yilda Paxtachi tumani tashkil etilgandan buyon esa gazeta “Paxtachi” nomi bilan chiqmoqda. Bugungi kunda gazetaning ko‘rinishi, dizayni yangicha tus olgan. Sahifalarida chuqur mulohazalarga, munozara va falsafiy mazmunga boy materiallar chop etilmoqda.
Tuman hokimligida tashkil etilgan tadbirda hokim Q.Xushboqov gazeta faxriylari hamda bugungi xodimlarini sana munosabati bilan qutlab, ijodkorlarni hokimlik sovg‘alari bilan taqdirladi.
(Bizni kuzatib boring, tadbirning to‘liq tafsilotlari bilan keyingi maqolamizda tanishtiramiz).