Ochiqlik, shaffoflik va jamoat nazorati har qanday korrupsiya alomatlarining oldini olishga xizmat qiladi
Samarqand davlat universitetida viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a’zolari uchun ikki kunlik o‘quv seminar-trening tashkil etildi.
Ushbu trening korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida institutsional yondashuvlarni kuchaytirish, amaliyotda uchrayotgan muammolarni tahlil qilish hamda zamonaviy profilaktika mexanizmlarini joriy etishga qaratildi.
Trening davomida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaning kelib chiqish sabablari, uning tizimli xususiyatlari va jamiyat rivojiga salbiy ta’siri atroflicha muhokama qilindi. Xususan, “Manfaatlar to‘qnashuvi qaysi holatlarda korrupsiya xavfini bevosita yuzaga keltiradi?”, “Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyalari samarali bo‘lishi uchun qaysi institutsional yondashuv barqaror natija beradi?”, “Ommaviy axborot vositalari va blogerlar qachon korrupsiyaga qarshi kurashda strategik sub’yektga aylanadi?”, “Korrupsiyaga nisbatan murosasizlik madaniyati qanday sharoitda jamiyatda barqaror institut sifatida shakllanadi?” kabi dolzarb savollar atrofida fikr almashildi.
Seminarning amaliy qismi ham ishtirokchilar uchun katta ahamiyat kasb etdi. Unda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni erta aniqlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanish, fuqarolar bilan ochiq va ishonchli muloqot olib borish, ommaviy axborot vositalari bilan tizimli hamkorlik qilish hamda davlat idoralarida institutsional shaffoflik darajasini baholash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu esa hududiy Kengash a’zolarining nazariy bilimlari bilan birga ularning amaliy ko‘nikmalarini ham mustahkamlashga xizmat qildi.
- Korrupsiya, avvalo, jamiyatdagi boshqaruv sifatiga tutiladigan ko‘zgudir, deydi xalqaro toifadagi mediatrener Beruniy Alimov. - Korrupsiyani faqat qonunbuzarlik sifatida baholash yetarli emas. Agar fuqarolar axborotni erkin ololmasa, davlat idoralari faoliyati shaffof bo‘lmasa yoki ommaviy axborot vositalari savol berishdan qo‘rqsa, har qanday islohot ham kutilgan natijani bermaydi. Sir emas, bugungi kunda OAV davlat organlari va aholi o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlovchi muhim ko‘prik, korrupsiyaviy holatlarni erta aniqlovchi indikator hamda jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi ta’sirchan institut sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Seminar-trening aynan shu maqsadlarga xizmat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli fikrlash, institutsional yondashuv va ochiqlik tamoyillarini amaliyotga joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.