Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Aktrisaning o‘limiga oid qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti aktrisa Gavhar Sharipovaning o‘limi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 2019 yil 18 noyabrga o‘tar kechasi soat 02:20 larda 29 yoshli F.Sh. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli (yuk tashuvchi) avtomashinasi bilan «Samarqand-G‘uzor» yo‘nalishidagi A-378 yo‘lning Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani, Yarg‘unchi mahallasi hududidan o‘tgan 140 kilometrga kelgan vaqtida yo‘lovchi sifatida ketayotgan Sharipova Gavhar Hasanovna bilan o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan. Buning oqibatida G.Sharipova avtomashina eshigini ochib tushib qolmoqchi bo‘lganligini ko‘ra turib, F.Sh. tezlikni pasaytirmasdan harakatlanishda davom etgan. So‘ng G.Sharipova transport vositasidan tushib ketib, turli darajadagi tan jarohatlari olgan va hodisa joyida vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhuma G.Sharipovaning o‘limiga sababchi bo‘lgan yo‘l-transport hodisasiga xos og‘ir tan jarohati olinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda hamda natijasiga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinadi.