«Ishdagi ishq» filmi bosh qahramoni Alisa Freyndlix koronavirus bilan kasallandi
«Koronavirus bilan kasalxonaga yotqizilgan SSSR xalq artisti Alisa Freyndlixning ahvoli og‘ir, ammo barqarorligicha qolmoqda», dedi Rossiya Federal biotibbiyot agentligi Sokolov nomidagi Shimoliy-g‘arbiy mintaqaviy ilmiy-klinik markazi vakili RIA Novostiga.
Tovstonogov nomidagi Katta drama teatri matbuot xizmatining xabar qilishicha, Freyndlix koronavirus bilan 25 dekabr kuni Sokolov markazidagi kasalxonaga yotqizilgan. Aktrisa ayni paytda reanimatsiya bo‘limida va uning ahvoli og‘ir, ammo barqaror. Hozircha vaziyat o‘zgarmadi.
“Alisa Freyndlix kasalxonaga yotqizilishidan oldin bir hafta davomida uyda davolangan”, dedi ilmiy-klinik markaz vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab aktrisa o‘pkasida yengil shikastlanish mavjud edi. Endi shikastlanish ortmoqda. Tibbiy muassasada uning uchun barcha kerakli muolajalar o‘tkazilmoqda.
Alisa Freyndlix 1934 yilda Leningradda tug‘ilgan. Uning ishtirokidagi filmlar rus kinosining oltin fondiga kirgan. Freyndlix "Ishdagi ishq", "Somon shlyapa", "D’artanyan va uch mushketyor", "Stalker" va "Shafqatsiz romans" kabi filmlari bilan tanilgan.
G.XOLDOROVA tayyorladi.