Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Andishaning oti qo‘rqoq emas

O‘zbek millatining tarixi, an’analari, urf-odatlari juda uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Qanchadan-qancha buyuk allomalar va shoirlarni tarbiyalagan yurt bu. Hatto Ikkinchi jahon urushi davrida ham o‘zining bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi va mehr-muhabbati bilan bugungi kunga qadar ulug‘lanib kelayotgan xalqdir. O‘zligimizni, dinimizni, madaniyatimizni va tilimizni yo‘qotmoqchi bo‘ldilar. Qanchadan-qancha insonlar o‘z jonidan kechib kurashdi.

Tarixga bir nazar tashlaylik. Ikkinchi jahon urushida o‘zbeklar, millatidan, irqidan, kelib chiqishidan qat’iy nazar bag‘rini ochib uysizlarga o‘z uylaridan joy berib, boquvchisini yo‘qotganlarga g‘amxo‘rlik qildi. Shomahmudovlar oilasi misolida o‘zbek xalqining insonparvarligi qay darajada ekanligini bilish mumkin.

Qora kunlar ham o‘tdi. O‘zbek xalqi osmonida quyosh charaqladi. Mustaqillikdek buyuk ne’matni qo‘lga kiritmasdanoq, o‘zbek tiliga davlat til maqomi berildi va bu sana tarix zarvarqalaridan joy oldi. Bugungi kungacha ayrim xato va kamchiliklar bo‘ldi, bularni bartaraf etish uchun tashlangan qadamlar boshlangan bir paytda, kecha bag‘rimizni ochib kutib olgan insonlarning avlodi bugun bizning Ona tilimizga nisbatan o‘z tazyiqlarini o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda "Pushkin tiliga jarima qo‘llashmoqchi", deb chiqildi. Bugun esa siyosiy minbardan turib, yo‘q ma’lumotlarga tayanib, Zaxarova chiqdi. Mana urush tugaganiga 75 yil bo‘ldi. Nega bu Zaxarova siyosiy minbardan turib, o‘zbeklarning urush davrida qilgan matonati, xatti-harakatlari haqida gapirmaydi-yu, ichki siyosatiga aralashadi? Kim huquq bergan?

Davlatimiz suveren-demokratik davlat. Uning ichki siyosatiga chetdan turib hech kimning aralashishga haqi yo‘q. Bugun yanada yuksak marralarga erishayotgan yurtimizda bunaqa aralashuvlar va osmondan ma’lumot olib chiqish katta bir tashkilot xodimiga yarashmaydi. Adliya vazirligi tomonidan taklif qilinayotgan bu o‘zgartirish aslida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kundayoq qilinishi kerak bo‘lgan holat, deb bilaman va buni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Indamaganimiz qo‘rqanimizdan emas, aksincha andishali xalq ekanligimizdan. Shunday ekan, andishani otini qo‘rqoq qo‘ymang. Ona tilimizni avaylab-asrash va kelajak avlodga to‘la-to‘kis yetkazish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Prezidentimiz takidlaganidek, "Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir".

Bugungi kunda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 50 millionga yaqin, so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha dunyoda 27-o‘rinda, 6 ta barqoror turkiy tildan iborat. Dunyoning 60 ga yaqin universitetlarida, 100 dan ortiq maktablarida o‘zbek tili o‘qitiladi. Buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriy ta’biri bilan aytganda, “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al”.

Adliya vazirligi tomonidan berilgan taklif, albatta ona tilimizning mavqeini yanada oshiradi.

B.XOLMUHAMMEDOV,

Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, qonun hujjatlariga rioya etish masalalari bo‘yicha maslahatchisi.