Axborot xizmati xodimlari bugungi talab darajasida faoliyat yurityaptimi?

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat hokimligi, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Axborot xizmatlari faoliyatida videomateriallardan foydalanish tajribasi va bosma nashrlar bilan hamkorlik” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Tadbirda respublikamizda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlash, media makonda mamlakatimizning imijini shakllantirish, axborot ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatiga urg‘u berildi.

O‘quv-seminarda mahoratli jurnalistlar va soha mutaxassislari tomonidan axborot xizmati xodimining ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorligi samaradorligi usullari, videomateriallarni tayyorlash va ulardan foydalanish amaliyoti mavzularida mahorat darslari tashkil etildi. 

Taqdimotlarda sohaga doir qonunchilik, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot ishining o‘ziga xos jihatlari, axborot xizmatlarining asosiy maqsad va vazifalari, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash ko‘nikmasi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan voqea-hodisa yoki xabarlarga nisbatan munosabat bildirish hamda boshqa bir qator muhim masalalarga e’tibor qaratildi.

Hududlardaaxborot xizmatlarini tashkil etish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish jarayonida soha vakillarining malaka va salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev. - Ayni paytda barcha tuman va shaharlar hokimliklarida, 35 ta davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarida axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi o‘quv-seminarni o‘tkazilishidan maqsad axborot xizmati xodimlarini sohadagi yangiliklar bilan tanishtirish, bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, aholiga yetkazilayotgan har bir xabar, axborotni tahlil qilgan, qiyoslashlagan va mavzuga chuqur yondashgan holda yetkazishini ta’minlashdan iborat.

O‘quv-seminar yakunida 2019 yilning 11-12 dekabr kunlari attestatsiyadan o‘tgan davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlariga guvohnoma topshirildi.

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi axborot xizmati.