Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Baxtli shaharlar qanday bunyod bo‘ladi?

Matbuot, radio, televideniye necha o‘n yillardan beri ekologik muammo haqida tanimay bong uradi - savol qo‘yadi:

- nega shahar-u qishloqlarimiz, ko‘chalarimiz iflos?

- nega ariq va zovurlar, daryo va kanallarga chiqindi tashlayapmiz?

- nega xonadonlardan chiqayotgan oqova suvlar ariq, kanal, daryolarga to‘g‘rilab qo‘yilgan?

- nega yuz yillik chinorlarni o‘ylamay-netmay kesib yubormoqdamiz?..

 Aytishlaricha, Toshkent havosi bulg‘angan shaharlar ichida yetakchi o‘rinlarda turar emish. Qurigan orol o‘rnidan har yil ko‘tarilayotgan yuz ming tonna chang-to‘zon ham bugun yer yuzining eng chekka nuqtalarigacha borib yetdi.

   Ochig‘i, tabiatga ehtiyotkorona munosabat masalasini ko‘tarishda “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvi katta tashabbus ko‘rsatyapti. Muhimi, bu muammoni dolzarb ijtimoiy-siyosiy masala darajasiga ko‘tarib, ommaning diqqatini jalb eta oldi. Hozir bu haqda ko‘pchilik gapirmoqda, o‘ylamoqda, fikr almashmoqda. Ko‘pincha o‘zaro suhbatlarning mavzusi shahar va qishloqlarimizni, ariq, anhor, daryolarimizni toza, chiroyli, obod qilish bo‘lib qoldi. Fikrimizcha, xalqning, ko‘pchilikning jonkuyarligi, muammoga yechim topishga urinishi natijasiz qolmaydi.

  Men yaqinda Turkiya davlatida ko‘p yil ishlagan bir tanishim bilan shu mavzuda suhbatlashib qoldim. Uning aytishicha, Turkiya shaharlari toza-ozoda, obod. Buning sababi ularda uy-joylarga egalik tizimining boshqachaligi ekan. Aniqrog‘i, Turkiyada ko‘p qavatli binolarning aksariyati bitta tadbirkor tomonidan sotib olingan. Tadbirkor o‘z uyiga keltiradigan foydani oshirish uchun uyning tashqi ko‘rinishidan boshlab, zinapoyalar-u eshik, hovli, tevarak-atrofni obod qilishga harakat qilar ekan. Butun shahar ana shunday yirik tadbirkorlar tomonidan bo‘lib olingan, ulardan har biri o‘ziga tegishli mavze, daha, ko‘p qavatli uy atroflari, ko‘chalar -  qo‘yingki, butun shaharlarini obod qilishga harakat qilishadi.   

- Turkiyada odamlar ko‘chaga chiqindi tashlashadimi, - deb so‘rayman suhbatdoshimdan.

- Tashlashadi, lekin tadbirkorlar hamma yerga farroshlar belgilab qo‘yishgan. Tez-tez tozalab turishadi. Ochig‘i, toza-ozoda, go‘zal joyga chiqindi tashlashga iymanasan kishi. O‘zimizda tog‘dek “yastanib” turgan chiqindi ustiga “Yana biroz tashlasak tashlabmizda”, deb qo‘lidagi chiqindi paketni uloqtirib ketaverishadi.

- Demak ko‘p qavatli uylar tadbirkorlar qo‘liga o‘tsa, bizda ham obod, baxtli shaharlar paydo bo‘lar ekanda-a?

 - Bo‘lmasam-chi, bunga shubha qilmasak ham bo‘ladi.

 Men o‘sha suhbatdan keyin bir narsa haqida ko‘p o‘ylayman: Turkiya, Singapur, Germaniya, Angliya ko‘chalarining toza-ozodaligini maqtaymiz, havas qilamiz-u bunga ular qanday erishganlari haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.

Xo‘sh, bizda ham Turkiya yoki Germaniya mamlakatlari qonunchiligini joriy qilishga nima xalaqit beradi? Nahotki, Qonunchilik palatasidagi deputatlarimiz, ekolog olimlarimiz bu haqda o‘ylab ko‘rmagan?

Menimcha, bizning, ayniqsa, o‘rta va keksa avlodning dunyoqarashi kommunistik mafkuradan butunlay ozod bo‘lgani yo‘q. Bir xillikni, tengchilikni hali ijtimoiy adolat mezoni deb hisoblovchilar oramizda ko‘p. Ba’zilarning fikricha, uy-joylarning tadbirkorlik ob’yektiga aylantirilishi uy-joy egalari tomonidan xalqni ezishga sabab bo‘lar emish!? (Bir paytlar Karl Marks xuddi shunday g‘oyalarni ko‘tarib chiqib, olamni buzgan edi). Bundaylar tadbirkorlarning ular hisobidan boyishini aslo hazm qila olmaydilar. Afsuski, bunday fikrlaydiganlar oz emas. Shuning uchun ham bizda shaharlarda chiqindilar tashlangani, ayrim joylarda to‘planib qolayotganini ko‘rib, “Bizda odamlarning ekologik madaniyati past-da”, deymiz...

Abdurahim Mamanov,

SamDU tadqiqotchisi.